French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar 2020 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
15:42 / 2019-11-21

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Parlament quyi palatasi majlisida deputatlar mazkur qonun loyihasini konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma’qullagan, barcha siyosiy partiyalarning fraksiyalari o‘z pozitsiyasini bildirgan edi. Mazkur yig‘ilishda deputatlar tomonidan ko‘plab savollar va aniq takliflar berilgandi.

Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Davlat budjeti boshqarmasi oldiga Hukumat bilan birgalikda loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, takliflar asosida, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida har taraflama muhokama qilib, maromiga yetkazish topshirilgan edi.

Mamlakatning bosh moliyaviy hujjati hisoblanuvchi Davlat budjeti har bir fuqaroga bevosita va bilvosita aloqadorligi nuqtai nazaridan qonun loyihasining muhokamalari jonli, qizg‘in kechgani tufayli deyarli har bir norma bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Chunki, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, fuqarolarning manfaatlari va takliflarini hisobga olgan oqilona va maqbul budjetni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qish uchun yalpi majlisga kiritilguniga qadar bo‘lib o‘tgan qo‘mitalar, fraksiyalar, ishchi guruh yig‘ilishlari hamda palata yalpi majlisidagi muhokamalarda 100 ortiq takliflar bildirildi. Ulardan 60 ga yaqini prinsipial takliflardir.

Mazkur taklif va mulohazalardan hamda qonunchilik texnikasi, tilshunoslik qoidalaridan kelib chiqib, qonun loyihasining 17 ta moddasiga 42 ta o‘zgartirish, 4 ta moddasiga qo‘shimchalar kiritildi, 2 ta moddasi esa, to‘liq chiqarib tashlandi. Shuningdek, ayrim masalalar mazkur qonun loyihasi predmeti emasligidan kelib chiqqan holda, boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali hal etilishiga kelishildi. Boshqalari bo‘yicha asosli tushuntirishlar berildi.

Jumladan, qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i respublika budjetiga o‘tkazilishi taklif etilgan edi. Deputatlarning bu tartib mahalliy hokimliklarning tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etishga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi mumkin degan fikridan kelib chiqib, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i tushumlarining mahalliy budjetlarda 50 foizi qoldiriladigan bo‘ldi.

Aholining ijtimoiy himoyalash maqsadida loyihaning 21-moddasiga qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlar daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlari mahalliy hokimliklarning faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa, xarajatlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasiga budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat etishi, shuningdek, ushbu tartibda tuman va shahar hokimliklari viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat etishi belgilab qo‘yilishini ko‘zda tutuvchi alohida band kiritildi.

Shu bilan birga, qonun loyihasidagi “parlament ajratmalari” tushunchasi “respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar” degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Qonun loyihasida qo‘shimcha daromadlar hisobidan respublika budjetining tasdiqlangan jami xarajatlarini 3 foizgacha oshirish Vazirlar Mahkamasi tomonidan, undan ortiq miqdorlarda esa, Oliy Majlis palatalari ruxsati bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyihaga Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlariga o‘zgartirish kiritish tartibi bo‘yicha ham tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

Deputatlar tomonidan mahalliy budjetlarning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozitga joylashtirish vakolatini hududlarning o‘ziga berish orqali mahalliy budjetlarning daromadini ko‘paytirish taklifi bildirilgan edi. Mazkur taklifni amalga oshirish mexanizmi puxta o‘ylab, ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqligi hamda ushbu qonun loyihasi bilan emas, balki alohida me’yoriy hujjat bilan tartibga solinishi lozim, degan qarorga kelindi. Shuningdek, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitga joylashtirish Moliya vazirligi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan kelishgan holda, amalga oshirilishi va olinadigan foiz daromadlari tegishli hudud mahalliy budjetiga yo‘naltirilishiga kelishildi.

Bundan tashqari, deputatlar taklifiga ko‘ra, 2020 yil uchun Davlat budjeti loyihasida umumta’lim maktablarini jihozlash uchun 97 milliard so‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda, davlat boshqaruv organlari xarajatlarini maqbullashtirish hisobidan qo‘shimcha 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan hamda 2020 yilning 1 martiga qadar umumta’lim maktablarini jihozlash bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan alohida dastur ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilgi Davlat budjeti ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqiladigan qarori loyihasiga Moliya vazirligiga 2020 yilning 1 apreliga qadar vazirlik hamda idoralarning budjetdan tashqari daromad va xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha topshiriqni ko‘zda tutish taklifi berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilgi Davlat budjeti ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqiladigan qarori loyihasiga o‘zini-o‘zi to‘liq moliyalashtirishga o‘tadigan oliy ta’lim muassasalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish bo‘yicha topshiriq belgilanishiga kelishildi.

Kelgusi yillarda talabalar soni bosqichma-bosqich oshib borilishini hisobga olib, deputatlar taklifi asosida 2020 yilda qo‘shimcha 500 ta doktorantura hamda shogird-tadqiqotchilikka qabul kvotalari uchun mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Mahalliy budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalarni birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga yo‘naltirish taklifi qonun loyihasiga kiritildi.

Majlisda bosh moliyaviy hujjat loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Parlament vakillari kun tartibidagi masalalar yuzasidan bergan savollariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri J.Qo‘chqorov atroflicha javob qaytardi.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining so‘zga chiqqan vakillari Hukumat tomonidan taqdim etilgan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashni taklif etdilar.

Qonun loyihasi qabul qilindi.