Yo‘llar shunchaki bir manzildan ikkinchisiga olib boruvchi infratuzilma emas. Ular hudud taraqqiyoti va iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi asosiy qon tomir bo‘lib, shahar va qishloqlarni o‘zaro bog‘laydi, savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlaydi. Shu bois yo‘llarning soz holda saqlanishi nafaqat qulaylik, balki xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlik masalasi hamdir.
Afsuski, yo‘llardagi nosozliklar aholi uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday holat transport vositalari va haydovchilar xavfsizligiga tahdid solib, vaqt va mablag‘ yo‘qotish, texnik shikastlanishlar hamda yo‘l-transport hodisalarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, Sardoba tumanidagi Do‘stlik, Birlik va Ota yurt mahallalari aholisi anchadan buyon shu kabi muammolardan aziyat chekmoqda. Ushbu hudud orqali o‘tuvchi D-063 yo‘lidan M-39 avtomagistraliga chiquvchi 7,8 kilometrlik yo‘l qismi nosoz holatga kelgan. Chuqurlar, yo‘l qoplamasining yemirilishi va ta’mirtalab uchastkalar nafaqat mahalliy aholi, balki mazkur yo‘nalishdan foydalanuvchi barcha haydovchilarga noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Mazkur masala yuzasidan Adolat sotsial-demokratik partiyasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova hududga tashrif buyurib, aholi murojaatlarini o‘rgandi. O‘rganish jarayonida yo‘lning haqiqatan ham abgor holatga kelgani, ta’mir ishlari kechiktirilgani aniqlandi. Ayrim uchastkalarda harakatlanish qiyinlashgani sababli fuqarolar tomonidan asosli e’tirozlar bildirildi.
Shu kabi muammo Guliston shahrining Ibn Sino ko‘chasida ham kuzatilmoqda. Mazkur ko‘cha orqali Guliston tibbiyot klasteri, viloyat qon quyish stansiyasi hamda Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali kabi muhim tibbiyot muassasalariga boriladi. Salomatligi bilan bog‘liq muammosi bo‘lgan bemorlar shu yo‘l orqali tun-u kun qatnab turishini inobatga olganda, yo‘l holatining qoniqarsizligi katta tashvish uyg‘otadi.

Deputat tomonidan mazkur muammolar nazoratga olindi hamda tegishli tashkilotlarga rasmiy so‘rovlar yuborildi. Zero, yo‘llarni ta’mirlash va aholiga munosib sharoit yaratish shunchaki oddiy masala emas, balki dolzarb vazifadir. “Bugun emas, ertaga” qabilidagi yondashuv muammoni hal etmaydi, aksincha, uni yanada chuqurlashtiradi. Bu borada mas’ul tashkilotlarning doimiy e’tibori va aniq chora-tadbirlari talab etiladi.
Eng asosiysi, yo‘llar holati — bu oddiy infratuzilma masalasi emas, balki inson xavfsizligi, sog‘lig‘i va iqtisodiy barqarorlik bilan bevosita bog‘liq muhim ijtimoiy masaladir. Shu bois bu kabi muammolar o‘z vaqtida va tizimli ravishda hal etilishi zarur.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri