Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyida “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida deputat va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yoshlarni sog‘lom turmush tarziga chorlash, zararli odatlardan yiroq bo‘lish va ularning salbiy oqibatlari haqida so‘z bordi.
Uchrashuvda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murabbiyi Jamila Shermuhamedova yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning huquq va majburiyatlari, ta’lim-tarbiya jarayonidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.

Giyohvandlik illati yoshlar kelajagiga jiddiy xavf solishini, sog‘lom hayot tarzini tanlash, mustahkam iroda va qat’iy pozitsiyaga ega bo‘lish muhimligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, deputat bilim olish, o‘z ustida doimiy ishlash, Vatanga sadoqat va mas’uliyat bilan xizmat qilish har bir yoshning muqaddas burchi ekanini alohida ta’kidladi. U yoshlarni bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, yot g‘oyalarga berilmaslik hamda o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yib, ularga qat’iyat bilan intilishga chaqirdi.

Tadbir davomida litsey o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar giyohvandlikka qarshi kurashish, sog‘lom hayot va ma’naviy poklik g‘oyalarini targ‘ib etishga xizmat qildi.
M.Komilova, O‘zA