Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida mahalla faoliyatini o‘rgandi.
Dastlab xalq vakili “Jayhun” shaharcha fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla yettiligi bilan uchrashdi. Mazkur mahalla aholisi bilan suhbatlashib, ularning uy oldi tomorqa yeridan samarali foydalanish, har bir xonadon egasining tajribalari, mahalla ahli duch kelayotgan muammolar, hududni obodonlashtirish ishlari va ichki yo‘llarning ta’mirtalab holatlari bilan yaqindan tanishdi.

Keyingi manzil tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlaridan biri – 48-sonli oilaviy poliklinika bo‘ldi. Xalq vakili tibbiyot sohasi vakillari bilan muloqot jarayonida keyingi yillarda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, amalga oshirilayotgan ishlar, parlamentdagi yangiliklar, qabul qilinayotgan yangi qonunlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha ham batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi. Bundan tashqari, mazkur oilaviy poliklinikada aholi uchun sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish ishlari, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar va muammolar o‘rganilib, taklif va fikrlar ham tinglandi.

Shundan so‘ng deputat tumandagi 17- sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘lib, u yerda tarbiyalanayotgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Mazkur muassasada olib borilayotgan ishlar, logoped, defektolog, shifokor va tarbiyalanuvchilar bilan ham suhbatlashib, ularning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kerak bo‘ladigan metodik qo‘llanmalar, maxsus uskunalar va texnik bazani mustahkamlash uchun tegishli tashkilotlar bilan birgalikda amaliy yechimlar topishga kelishib olindi.
Uchrashuvlar davomida ko‘tarilgan muammolar nazoratga olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Qonunchilik palatasi deputatining joylarda aholi bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri