Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova ishtirokida xalq deputatlari Sayxunobod tuman Kengashi deputatlari bilan “Mahalliy kengashlar faoliyatini yanada yaxshilash, mahalliy kengash deputatlarining ish samaradorligini oshirish” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqot ishchanlik ruhida o‘tdi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar, yangilangan Konstitutsiyada vakillik organlarining vakolatlari hamda ularning mazmun-mohiyati haqida deputat tomonidan atroflicha tushuntirish berildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbuslari bilan hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, zamonaviy sanoat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Tadbirda ayniqsa “Sayxunobod tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda aholi huquqiy bilimini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot va tushuntirish tadbirlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, deputatlik nazoratini samarali amalga oshirish, aholini qiynayotgan tizimli muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlar hisobotini xalq deputatlari Kengashi sessiyalarida muhokama qilish vazifalari belgilab olindi.

Tashrif doirasida Nodira Jonibekova tumanning 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, shuningdek, 26 va 39-umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyati bilan ham tanishdi. Bog‘cha va maktab jamoalari bilan uchrashuvlarda deputat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, pedagoglar nufuzini oshirish va ular uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.

Prezidentimiz 2026 yilni “Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili” deb e’lon qilgani, kasb-hunar ta’limiga xalqaro standartlar joriy etilishi, bog‘chalar tizimida “Yangi avlod” muassasalari tashkil etilishi, xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilarga ham davlat tomonidan to‘lov amalga oshirilishi va ularning oylik maoshlari sezilarli darajada oshirilishi ta’lim sohasi xodimlari uchun katta rag‘bat bo‘ldi.

Shuningdek, deputat Guliston mahallasi aholisi bilan ham muloqot o‘tkazib, amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. U mahalla kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishib, yoshlar ma’naviyati va ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA