Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat tashabbuskor bo‘lsa, saylovchi minnatdor bo‘ladi
14:52 / 2022-05-13

Xalq vakili muntazam odamlar orasida bo‘lib, ularning muammolarini, tashvishlarini o‘rganishi, hal etishga ko‘maklashishi, hududlardagi masalalardan xabardor bo‘lishi lozim.

Ayniqsa, bugungi izchil islohotlar davrida deputat aholi bandligini ta’minlash, ayollarni, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jinoyatchilikning oldini olish kabi ko‘plab dolzarb vazifalarni bajarishda faol va tashabbuskor bo‘lmog‘i kerak. 

Bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga O‘zLiDePdan saylangan deputatlarning amaliy ishlaridan ayrimlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 

Xalq deputatlari Mirzacho‘l tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Erjigit Ergashev xalq vakili sifatida doim faollik ko‘rsatib, qator jo‘yali tashabbuslarni amalga oshirib keladi. Yaqinda deputat tashabbusi bilan sektor vakillari bilan hamkorlikda tumandagi “Paxtazor” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi bilan muloqot qilindi.  

Mazkur hududda istiqomat qiluvchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 52 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 25 nafar fuqaroga 30 sotixdan yer ajratib berildi. Endilikda jami 77 nafar fuqaro o‘zlariga ajratilgan yerdan unumli foydalanib, daromad topishga erishadi. Bundan tashqari, yoshlarni kitobxonlikka jalb qilishga hissa qo‘shishni niyat qilgan deputat hududdagi 9-umumta’lim maktabiga turli nomdagi kitoblarni sovg‘a qildi. 

Tashabbuskor deputatlardan yana biri xalq deputatlari Qorovulbozor tumani Kengashi deputati Jonibek Ziyayev o‘z saylov okrugiga qarashli “Tinchlik” mahallasida aholi muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul o‘tkazgan edi. Ushbu sayyor qabulda mahallaning “Navoiy” ko‘chasida yashovchi, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan fuqaro Esanoy Julmatova uy-joyini ta’mirlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. 

Fuqaroning murojaati o‘rganib chiqilib, deputat J.Ziyayev homiyligida va O‘zLiDeP Qorovulbozor tuman kengashi faollari ko‘magida murojaatchining uy-joyini ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. 

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Jamoliddin Meliboyevning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Xabib Abdullayev”, “Shahriobod” va “Bog‘imaydon” mahalla fuqarolari bilan o‘tkazgan muloqoti ham samarali kechdi. Uchrashuvda asosan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, qarovchisi bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, shuningdek, uzoq muddatdan beri betob bo‘lib yotgan nochor fuqarolar, surunkali kasallikka chalingan, dori-darmonga muhtoj oilalar, jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagan ehtiyojmandlar qatnashib, murojaat qildi.  

E’tiborlisi, ushbu muloqotda Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ham bevosita ishtirok etdi. Bu esa yuqoridagi murojaatlar o‘z yechimini topishida muhim ahamiyat kasb etdi.   

Fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning aksariyatiga joyida yechim topilgan bo‘lsa, muddat talab qiladigan masalalarni tegishli tashkilotlar orqali hal qilish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari, deputat uchrashuvda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan keksa nuroniylar, betob bo‘lib yotgan fuqarolar xonadoniga tashrif buyurib, ular bilan dildan suhbatlashdi, muammo va takliflarini tingladi. 

Ta’kidlash joizki, birgina murojaatning ijobiy hal etilishi ham bir inson, bir oila hayotiga daxldor muhim amaliy natijadir. Xalq vakillarining bu kabi amaliy ishlari aholining ishonchini oqlab, ularda minnatdorlik, deputatga suyanish hissini uyg‘otadi.  

Partiya matbuot xizmati materiallari  

asosida Muhtarama Komilova tayyorladi.  

O‘zA