Yaqinda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati T. Romanov, xalq deputatlari Xo‘jayli tumani Kengashining deputatlari bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida Xo‘jayli tumanidagi “Suo‘yenli” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining murojaati asosida uchrashuv o‘tkazilgan edi.
Uchrashuv davomida Nukus-Xo‘jayli avtomobil yo‘li bo‘ylab o‘tib turgan “Suo‘yenli” kanalidagi ko‘prikning ikki tomonidagi piyodalar yo‘li yaroqsiz holatga kelib, yo‘ldan o‘tish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli piyodalar, ayniqsa har kuni maktabga qatnovchi o‘quvchilarga qiyinchilik tug‘dirib, natijada ular avtomobil yo‘lidan yurishga majbur bo‘layotgani haqida murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatni hal qilish uchun deputat tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasiga deputat so‘rovi yuborildi.

Oradan ko‘p o‘tmay mazkur muammoni hal qilish choralari boshlanib, hozirgi kunda ko‘prikda ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ta’mirlash ishlari yakunlangandan keyin aholiga, ayniqsa maktabga qatnovchi o‘quvchilarga qo‘laylik yaratilib, ularning xavfsizligi ta’minlanadi.

Deputat tomonidan saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda aniqlangan boshqa muammolarni hal qilish choralari ko‘rilib, deputatlik nazorati amalga oshirilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA