Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, o‘rganishlar olib bormoqda.
Xususan, deputat Mavluda Xo‘jayeva Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani «Nursux» mahalla fuqarolar yig‘inida aholi murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazdi. Tumanning turli maskanlaridan tashrif buyurgan fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammo va shikoyatlarni xalq vakiliga bayon qildi.
Qabul davomida bolani farzandlikka olish, vasiylik, uy-joy ta’miri, nafaqa tayinlash, moddiy yordam, bandlikni ta’minlash, kommunal va ijtimoiy sohalar, qishloq infratuzilmasini yaxshilash, sport va tadbirkorlikni rivojlantirish, subsidiya va bank krediti masalalari yuzasidan qator murojaatlar kelib tushdi.
Har bir murojaat tegishli mutasaddilar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni amaldagi tartiblar asosida hal etish choralari belgilandi. Muddat talab qilgan murojaatlar nazoratga olinib, mas’ullar tomonidan ijro uchun qabul qilindi. Ayrim masalalar yuzasidan esa shu joyning o‘zida tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
O‘zA