O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi S. Imamova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman prokuraturasi, deputatlar, mahalla yettiligi, umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda deputat S. Imamova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash borasida chiqarilayotgan farmon va qarorlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, tuman prokurorining katta yordamchisi E.Baltaniyazov hududda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish borasidagi ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng, uchrashuv ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tinglandi.

Shu kuni deputat tuman hududidagi ijtimoiy ob’ektlar bilan yaqindan tanishdi. Dastlab tumandagi 8 hamda 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, har bir ijtimoiy ob’ektda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari sifati, isitish uskunalarining talab darajasida ekanligi, xonalarning issiqlik darajasini o‘rgandi.

Deputat 1 oktyabr –O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tuman hududida yashovchi nuroniy ustozlar Q.Allabayev va M.Paluaniyazovlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar oldi.
Nuroniy ustozlar bilan samimiy suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalari tingladi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy muhitni kuchaytirishda ularning o‘rni beqiyos ekanligi alohida ta’kidlandi. Muloqot davomida deputat nuroniy ustozlarni bayram bilan samimiy qutlab, sovg‘alar topshirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA