Karmana tumanidagi 19-Nodira saylov okrugidan bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga yangi saylangan deputat Yu.Murodov saylanganiga bir hafta bo‘lmay, “el og‘ziga tushdi”.
U deputatlik faoliyatini "Yangiariq" mahallasidagi 674 metrlik Shoyim Nurov ko‘chasini ta’mirlash maqsadida shag‘al yotqizish bilan boshlab, aholining e’tiborini tortdi.

Deputatning bugungi kuni esa shu mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtojlar va keksalar holidan xabar olishga bag‘ishlandi.
Xalq deputatlari Karmana tuman Kengashi deputati Yu.Murodov homiyligida 3216 nafar aholisi bor Yangiariq mahallasida 20 oila uchun 7 xil turdagi oziq -ovqat mahsulotlari har bir xonadon uchun alohida-alohida jamlandi.

Biryo‘la keksalar va nogironligi bor fuqarolar salomatligini ham joyida tekshirib, tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Karmana tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika oilaviy shifokori T.Narziyev boshchiligida 3 nafar patronaj hamshiralari ham bu xayrli ishga jalb etildi.
O‘zLiDeP Navoiy viloyat hududiy partiya tashkilotining bir guruh xodimlari deputat bilan birgalikda uzoq yillardan buyon dardga chalinib, uyda yotgan xastalar huzurida bo‘lishdi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan hol-ahvol so‘raldi.

“O‘z oyog‘i bilan kelgan” shifokor ko‘rigi qo‘l kelib, qon bosimi ko‘tarilib turgan fuqarolarga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
– Mahalladagi aholining ijtimoiy ahvolini to‘liq o‘rganib chiqdim. Yotoqdagi qariyalarni shifokorga olib borish ham ularni ovora qilish bilan teng. Shuni hisobga olib, shifokorlarning o‘zlarini olib borishni lozim topdim.

Navbatdagi rejam mahallamdagi 17 nafar ishsizning bandlik bilan bog‘liq masalasini yechish, – deydi Xalq deputatlari Karmana tuman Kengashi deputati, «Karmana Alfa gaz Servis» MCHJ rahbari Yu.Murodov.
Yangi deputat elning koriga yarashda mana shunday davom etsa, ko‘plab ezgu ishlarda o‘rnak bo‘lishi shubhasiz.
M.Pirnafasova,
O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi jamoatchilik
bilan aloqalar va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri