Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayotiy ehtiyojlarini qondirish, turmush farovonligini yuksaltirish, tom ma’noda inson, uning qadr-qimmatini ulag‘lashga qaratilgan. Qolaversa, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil yurtimizda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilindi.
Ana shundan kelib chiqib, joylarda insonlarni ulug‘lash, ayniqsa, nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijonda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Deputat mahallada " loyihasi doirasida partiyadan saylangan deputatlar jismi zaif insonlar xonadonlariga tashrif buyurib, ularning ko‘ngillarini obod qilmoqda.
Sherzodbek Abdujaminov faol va yosh tadbirkorlardan biri. Mehnatkash, saxiyligi bilan el nazariga tushgan. Ayniqsa, xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati sifatida ibratli ishlarni olib borayotganligidan odamlar mamnun. Xayrli va savobli ishlarni boshidan tutigan Sherzodbek kuni kecha Andijon shahrining "Maydonbozor" mahallasida yashovchi nogironlar holidan xabar oldi.

– Savob ishni har kim, har kuni qilish kerak, – deydi yosh tadbirkor Sh.Abdujaminov. –Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan, e’tiborga muhtoj insonlar holidan xabar olsak, ulkan ajru savob olamiz. Aslida ishlarimizning barakasi ham ana shu mehrimizga ilhaq odamlarning duolaridandir.
Yosh tadbirkor "Maydonbozor" mahallasida yashovchi 86 yoshli Tursunxon ona Tojiboyevaga nogironlik aravachasini topshirdi. Shuningdek, mahalladagi kam ta’minlangan qator oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashdi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA