Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov bilan navbatdagi uchrashuv Qorako‘l tumanining “Qozon” mahalla fuqarolari yig‘inida tashkil etildi.
Deputat fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, aholining murojaatlarini tingladi. Har bir masala atroflicha muhokama qilinib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tashkilot va mas’ullar ishtirokida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, mahalladagi “yettilik” vakillari bilan Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar muhokama qilindi. Xususan, 2026-yilda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi. Muloqot yakunida mahalla faoliyatini yanada faollashtirish, aholi bilan ishlash tizimini takomillashtirish, muammolarni joyida hal etish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Tashrif doirasida deputat mas’ullar ishtirokida tumandagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sport zali holatini ham o‘rgandi. Sport zali binosi 1960-yillarda qurilgani, eskirgani va bugungi kun talablariga javob bermasligi aniqlandi. Shu bois, sport zalini to‘liq rekonstruksiya qilish yoki yangidan qurish zarurligi qayd etildi.
Jahongir Shirinov Qorako‘l tumanida barpo etilayotgan “Sohil bo‘yi” saylgohi qurilishi bilan ham tanishib, mazkur hududni tuman aholisi va mehmonlari uchun qulay, zamonaviy va jozibador dam olish maskaniga aylantirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri