Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan “Parravshan Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur korxona 2006 yil 31 oktyabrda tashkil etilgan. Asosiy yo‘nalishi parrandachilikning tuxum yetishtirish, qo‘shimcha yo‘nalishi esa chorvachilikning sut ishlab chiqarish sohalaridir.
Dastlab 4 nafar xodim bilan ish boshlagan korxona bugungi kunda 100 nafar ishchi-xodimni doimiy ish o‘rni bilan ta’minlagan. Yangi ishga tushirilayotgan sex esa qo‘shimcha ravishda 10-15 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash imkonini yaratadi.

Bugungi kunda yangi qurilayotgan korxonada 250 ming bosh tovuq saqlanib, yil davomida 90 mingta jo‘ja chiqarish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Deputat korxona rahbariyati va xodimlari bilan suhbatlashib, mavjud muammo va takliflarni tingladi, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.

Shuningdek, deputat “Buxoro-Texron” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.
Mazkur korxona 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, polipropilen qoplar ishlab chiqariladi. Korxonada 20 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxona ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va ish o‘rinlarini saqlab qolish yo‘nalishida faoliyat olib bormoqda.

Korxonada ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnologik uskunalardan foydalaniladi. Umumiy qiymati 900 ming AQSH dollari bo‘lgan apparatlar orqali mahsulot ishlab chiqariladi hamda har yili taxminan 100 ming dollarlik uskunalar yangilanadi.

Shu bilan birga, korxona faoliyatida elektr ta’minoti bilan bog‘liq qiyinchiliklar mavjud. Elektr energiyasi narxining yuqoriligi va kuchlanishning tez-tez tushib ketishi natijasida ayrim holatlarda apparatlar ishdan chiqishi holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, korxona rahbariyati kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelayotganini, ayrim holatlarda masala sudga chiqish darajasiga yetib borganini ta’kidladi. Shu bois, korxona to‘lov muddatlarini uzaytirish va moliyaviy yengillik yaratishda amaliy yordam so‘radi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri