Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat muammolarni joylarga chiqib o‘rganishi lozim
12:57 / 2025-10-03

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Risqul Siddiqov amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga keldi.

Tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ishlar, yangi qurilayotgan ob’ektlar, ta’lim tizimidagi yangilanishlar, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar, eng muhimi, odamlar kayfiyati – deputatning asosiy diqqat markazida bo‘ldi. 

– Keyingi 2–3 yil ichida Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa o‘z tomorqasini daromad manbaiga aylantirayotgan fuqarolar sonining oshgani, turizm salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganiga guvoh bo‘ldim, – dedi R. Siddiqov. – Bu o‘zgarishlar odamlarning faolligi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.

O‘rganishlar davomida deputat Oqtosh mahallasida investitsiya dasturi asosida qurilayotgan 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining qurilishi bilan tanishdi. Qurilish ishlarining sifati, quruvchilarning ish sharoitini o‘rgandi.

Shuningdek, deputat tumanning 2-sonli politexnikumida bo‘lib, bu yerda dual ta’lim tizimi amaliyotga joriy etilgani hamda texnikum o‘quvchi yoshlarining amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ustaxonalar bilan tanishdi.

Bundan tashqari, R. Siddiqov tumandagi Mustaqillik mahallasining yettilik a’zolari bilan uchrashib, aholini qiynayotgan dolzarb masalalar yuzasidan ochiq muloqot qildi. Mazkur muloqotda yo‘l, ichimlik suvi, ishsizlik, infratuzilma kabi hayotiy muammolar muhokama etilib, ularni manzilli hal etish mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi bildirildi.

Tuman faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurash, qonunchilikdagi yangiliklar va ularning joylardagi tatbiqi, huquqiy madaniyatni oshirishga doir masalalar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, deputat qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, aholi orasida huquqiy ongni oshirish yuzasidan takliflar berdi.

– Haqiqiy xalq vakilining ishi faqat qonun qabul qilish emas, balki uning hayotga qay darajada tatbiq etilayotganini joylarga chiqib o‘rganishi, muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni hal qilishda faol ishtirok etishi lozim, – dedi deputat.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA