Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Adil” aholi punktida uzoq vaqtdan buyon yechimini kutayotgan elektr ta’minoti masalasi deputat aralashuvi bilan ijobiy hal etildi.
Bugungi kunda mahalliy Kengash a’zolari nafaqat qonun ijodkorligi, balki bevosita joylarda aholi murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topishda asosiy bo‘g‘in vazifasini o‘tamoqda. Ellikqal’a tumani “Do‘stlik” ovul fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi saylovchilar bilan o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv ham aynan shunday ijobiy natijaga xizmat qildi.
“Adil” saylov okrugidan saylangan tuman Kengashi deputati O‘rinboy Karimov bilan muloqot chog‘ida fuqaro Reyimbay Jumaniyazov hududdagi og‘riqli masalani ko‘tardi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur aholi punktiga zamonaviy talablarga javob beradigan 900 metr masofadagi SIP kabeli yangidan tortilgan. Biroq, texnik sabablar yoki mas’ullarning e’tiborsizligi oqibatida ushbu tarmoq transformatorga ulanmay qolib ketdi. Natijada yangi infratuzilma mavjud bo‘lsa-da, aholi barqaror elektr quvvatidan foydalanish imkoniyatidan mahrum edi.
Deputat masalaning mohiyatini chuqur o‘rganib, uni darhol nazoratga oldi. Saylovchilar ishonchini oqlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Ellikqal’a tumani elektr ta’minoti korxonasiga rasmiy deputat so‘rovi yuborildi. Unda ko‘tarilgan masala shunchaki qog‘ozda qolib ketmadi. Deputat so‘rovi asosida soha mutaxassislari va texnik guruh jalb etilib, qisqa fursat ichida tegishli amaliy choralar ko‘rildi va 900 metrli SIP kabel tarmog‘i markaziy transformatorga ulandi.
– Bizning asosiy vazifamiz saylovchilarning dardu tashvishlari bilan yashash, har bir murojaat ortida turgan inson taqdiriga daxldorlik hissi bilan yondashishdir, – deydi deputat O‘rinboy Karimov.
Bugungi kunda tumanda fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va mavjud muammolarni bartaraf etish borasidagi izchil ishlar davom etmoqda. Xalq vakillarining bunday tashabbuskorligi esa davlat idoralari va xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.