Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat mahalladagi muammolarga yechim topmoqda
14:28 / 2025-01-09

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijro organlari va jamoatchilik nazorati yo‘nalishida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida deputatlarning faolligi tobora oshib bormoqda. Ular o‘zlari saylangan hududdagi muammolar va aholi tomonidan qilinayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganish va ijobiy yechim topishga harakat qilmoqda.

O‘zLiDeP Karmana tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari Karmana tumani Kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari Yusuf Murodovni tuman aholisi yaxshi taniydi. U qisqa muddatda o‘z tashabbuskorligi bilan aholining hurmatini qozongan deputatlardan.  

Uning sa’y-harakati va xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida tashabbus ko‘rsatishi bois tuman hokimligi tomonidan 2 milliard 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, Yangiariq mahallasining 2700 metr masofadagi ichki ko‘chalariga asfalt yotqizildi.  

– Mahallamizda 3700 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Jasur Mahmudov. – Garchi mahallamiz tuman markaziga yaqin hududda joylashgan bo‘lsa-da, ichki ko‘chalarimizning birortasi asfalt qilinmagan edi. Aholimiz katta ko‘chaga chiqishi uchun yozda chang, yog‘in-sochinli kunlarda esa loy ko‘chalarda harakatlanishiga to‘g‘ri kelardi. Deputatimiz tashabbusi, tuman hokimining qo‘llab-quvvatlashi natijasida ko‘chalarimiz asfalt qilindi. 700 metr uzunlikdagi bir ko‘chamizga beton qoplamasi yotqizildi.  

Albatta, bugun yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, barchasi inson manfaatlari uchun xizmat qilmoqda. Mahalla hududidagi ma’nan eskirgan simyog‘ochlar beton tayanchlarga almashtirildi. Shuningdek, 3 ta ko‘prik qayta ta’mirlanib, mahalla ahlining uzog‘i yaqin bo‘ldi.  

Ayni paytda mahalladagi ko‘chalarga chiroqlar o‘rnatilmoqda.   

A.Bo‘riyev O‘zA muxbiri