French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Deputat mahallada” loyihasi joriy etiladi
12:19 / 2021-02-11

Unda joriy yil 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida bildirilgan keng qamrovli taklif-tavsiyalar, shuningdek, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan dolzarb vazifalar muhokama etildi.

Ma’lumki, Prezidentimizning siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvida xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning o‘rni kattaligi ta’kidlanib, ular o‘z deputatlari orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganishi, ayni paytda yechimi bo‘yicha takliflar berishi, ayniqsa, ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi yuzasidan muhim tavsiyalar ilgari surilgan edi.

Qo‘shma majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov davlat va jamiyat hayotiga doir keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirish jarayonida partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlari faol ishtirokchiga aylanishi zarurligini ta’kidladi.

Partiyaning parlamentdagi fraksiyasi hamda mahalliy Kengashlardagi 1 ming 600 nafarga yaqin deputatlardan iborat partiya guruhlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi dasturlarni amalga oshirish, bandlikka ko‘maklashish yo‘nalishlarida deputatlik korpusining ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Majlisda Davlat dasturining mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borish, unda ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan vazifalar, jumladan, partiya dasturiy maqsadlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan bandlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish zarurligi qayd etildi.

Bildirilgan takliflar asosida 6 ta yo‘nalishda 40 dan ortiq vazifani o‘z ichiga olgan “Yo‘l xarita”si qabul qilindi. Unga ko‘ra, bundan keyin partiya joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish bo‘yicha “mahallabay” va “fuqarobay” tartibidagi ishlarni tashkil qilishda yangicha mexanizm asosida qatnashadi. Bu yo‘nalishda partiyaning tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda.

Partiyaning yangi – “Deputat mahallada” loyihasi orqali “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan sektorlar kesimida manzilli ishlash, faol deputatlar, professional trenerlar, psixologlar, muvaffaqiyatli tadbirkorlar ishtirokida motivatsion treninglar hamda “master klass”lar yo‘lga qo‘yiladi.

Hududlarda parlament va deputatlik nazorati asosida aniqlangan muammolarni tezkor hamda samarali hal etish maqsadida mahalliy Kengashlar sessiyalari, zarur hollarda, Oliy Majlis palatalari majlislari muhokamasi uchun masalalar tayyorlanadi. Barcha darajadagi deputatlar korpusining “tuman-viloyat- markaz” tartibida ishlash tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, hozirgi izchil ijtimoiy siyosatga muvofiq tarzda partiyaning “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” tuzilmalari faoliyati butunlay qayta ko‘rib chiqiladi, bunda yoshlar va ayollarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti”ga faol yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish bo‘yicha partiyaning alohida dasturi qabul qilinadi.

Joylarda birlamchi tibbiy yordam, ya’ni qishloq oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida xizmatlar sifatining pastligi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ushbu sohaga oid qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning sifatli ijro etilmayotgani bunga asosiy sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun partiya birlamchi tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam daromadli aholiga malakali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish ustidan tizimli parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatadi, bu yo‘nalishda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Olis qishloqlarning barchasida ham bolalarning madaniy hordiq chiqarishi, sport, musiqa va san’at bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilmagan. Partiya deputatlik tuzilmalari olis qishloqlardagi bolalar uchun mo‘ljallangan madaniyat muassasalari, sport inshootlari, “Barkamol avlod” markazlari, musiqa va san’at, sport maktablari holatini tanqidiy o‘rganib, mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni rejalashtirdi.

Bundan tashqari, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari boqimandalik kayfiyatiga qarshi mahallalar darajasida targ‘ibot ishlarini kuchaytiradi.

Tadbirda fraksiyaning kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA