Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bugungi kunda nafaqat kommunal sohada, balki ijtimoiy ob’ektlarda ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan qator qaror va dasturlar aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash tizimining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Shu maqsadda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulnora Abdulvohidova mas’ullar bilan birgalikda Asaka tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, mazkur tibbiyot muassasasi Prezidentimizning 2025 yil 19 maydagi qaroriga asosan tajriba-sinov tarzida qayta tashkil etilgan. Ushbu islohot doirasida tuman tibbiyot birlashmasi Asaka tuman sog‘liqni saqlash bo‘limiga aylantirildi. Tuzilma tarkibiga markaziy shifoxona, ikki tug‘ruq kompleksi, maslahat-diagnostika markazi, yuqumli kasalliklar bo‘limi hamda 19 ta oilaviy poliklinika kiritilgan.
[gallery-25995]
Deputat Gulnora Abdulvohidova tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari bilan tanishar ekan, ayniqsa, markaziy shifoxonaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, issiqlik tizimi, yoqilg‘i zaxiralari va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi.
– Muassasa rahbarlarining mas’uliyatliligi va talabchanligi quvonarli, – deydi deputat. – Bemorlar bu joyga umid bilan keladi. Ularning sog‘lomligi uchun yetarli sharoit yaratish birinchi darajali vazifa bo‘lishi lozim.
Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu esa “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan davlat siyosatining amaldagi ifodasidir.
Uchrashuv yakunida xalq vakili saylovchilar bilan ham suhbat o‘tkazib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan javob berdi hamda takliflarini tingladi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari