Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat ko‘magida 2 ta maktab laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlandi
18:51 / 2021-12-01

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganmoqda, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni tegishli mutasaddilar bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘rishmoqda.

Deputat Sherbek Bo‘ronov ham Samarqand viloyatining Paxtachi va Narpay tumanlari saylovchilari bilan uchrashib, ular bilan muloqot qildi. Uchrashuvlarda fuqarolarga yangi qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar, ularning mazmun-mohiyati haqida kengroq ma’lumotlar berildi.

Avvalroq deputatga Narpay tumanidagi Tortuvli mahallasi aholisi ichimlik suvi bo‘yicha murojaat qilgan edi. Yaqinda ushbu mahallaga 12 kilometr suv quvuri o‘rnatilib, ichimlik suvi muammosi hal etildi. Shuningdek, deputat tashabbusi bilan tumandagi Dedan va Koziyoqli mahallalariga yangi transformator o‘rnatildi. Aholi vakillari deputat ko‘magida muammolari hal etilganidan mamnunligini bildirishdi.

Xalq vakilining aholi bilan uchrashuvlarida Narpay tumanidagi 35 va 36-umumta’lim maktabi jamoasi va ko‘plab ota-onalar fizika-kimyo fanlari uchun laboratoriya jihozlari olib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Parlament a’zosining sa’y-harakatlari bilan ushbu masala hal etilib, ushbu maktablarda laboratoriya jihozlari olib berildi.

Bundan tashqari, deputat Paxtachi tumanidagi ko‘plab masalalarni hal etishga ko‘maklashdi. Xalq vakili yordami bilan bir necha kun oldin “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Samarqand viloyati uchun ajratilgan “Belarus 82.1” rusumli (yamabur) traktoridan birini Paxtachi tumaniga olib kelishga erishildi. Bu esa tuman aholisining og‘irini yengil qilish, ularga qulay mehnat sharoitlari yaratishga xizmat qiladi.

Deputatning hududdagi uchrashuvlari davom etmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA