Xalq bilan muloqot — xalqchil siyosatning eng ustuvor yo‘nalishi. Shu bois har bir yo‘nalishdagi mutasaddilar aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilishni doimiy faoliyatiga aylantirdi. Jumladan, xalq vakili bo‘lgan deputatlar ham doimiy tarzda o‘z saylovchidlari bilan muloqotda bo‘lib, ularning murojaatlarini hal qilishga alohida e’tiibor qaratib keladi.
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham o‘z saylov okruglarida bo‘lib, hududlardagi masala va muammolarni o‘rganmoqda, aholi vakillari bilan bilan uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qiziqishmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Umida Rahmonova aholi muammolarini o‘rganish va ularga amaliy yechim topish maqsadida ayni paytda Buxoro viloyatida bo‘lib turibdi. Deputat tegishli idora rahbarlari bilan sayyor qabulda ishtirok etdi va aholi murojaatlarini tinglab, ularni tezroq hal qilish bo‘yicha aniq vazifa va muddatlar belgilandi.
Deputat partiyaning viloyat kengashi raisi Maqsud Muhammedov hamda “Yoshlar parlamenti” a’zosi Zebiniso Ahmadovalar hamrohligida Kogon shahridagi “Arabxona” mahallasida bo‘lib, bu yerda “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
2022 yilda davlat dasturi asosida Mustaqillik mahallasida qurilishi mo‘ljallangan obektlarni ko‘zdan kechirdi. 8-umumta’lim maktabida bo‘lib, muassasaning tom qismi, ichki va tashqi devorlarining ta’mirtalab holati yuzasidan o‘rganishlar amalga oshirildi. Amaliy sa’y-harakatlar natijasida maktab ta’mirini joriy yil davlat dasturiga kiritilishiga erishildi.
Deputatning hududdagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA