Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari, saylovchilar bilan muloqoti yechimini kutayotgan muammo va masalalarning hal etilishida muhim ahamiyatga ega.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sobirov o‘z saylov okrugidagi faoliyati davomida Olot tumanidagi “Soloqorovul” mahallasida bo‘ldi. Bu yerdagi kashtachilik markazi faoliyatini o‘rgandi. Ushbu markaz “Ayollar daftari”ga kiritilgan 20 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil qilingan. Deputat markaz faoliyati bilan tanishish davomida ishchi xotin-qizlar bilan muloqot qilib, ularning muammolarini tingladi.
Deputat bir yil ilgari tumandagi 10-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, ushbu maskanning oshxona va xonalarini ta’mirlash yuzasidan tuman mutasaddilariga murojaat qilgan edi. Xalq vakili bu galgi uchrashuvlari mobaynida ushbu MTTda ham bo‘lib, avvalgi uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar ijrosi bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida oshxona, tarbiya xonalari talab darajasida ta’mirlanib, jihozlanganiga guvoh bo‘ldi. Maktabgacha ta’lim tashkilotining sanitariya holati, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ularning berilish tartibini ko‘zdan kechirib, ayrim kamchiliklarni hal qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Xalq vakili, shuningdek, aholi xonadonlarida tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati bilan tanishib, bunday issiqxonalarni kengaytirish, tomorqaning har bir qarichidan unumli foydalanish bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar berdi.
Deputatning hududdagi faoliyati davomida ko‘tarilgan muammo va masalalar nazoratga olindi.
M.Komilova, O‘zA