Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat ko‘magi bilan bozor yaqinidagi maktab yo‘liga svetofor o‘rnatilmoqda
14:30 / 2026-02-27

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh A’zamova hamda xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputati A.Kerimov saylovchilarning murojaatiga asosan Yashnobod tumanidagi Dilbog‘ mahallasi hududida joylashgan 10-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘ldi.

Mazkur san’at maktabi «Aviasozlar» dehqon bozoriga yaqin joyda joylashgan. Shu sababli maktab atrofida avtotransport qatnovi nihoyatda yuqori. Bu esa o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishida katta xavf tug‘diradi. Masalan, joriy yilning 24-yanvar kuni haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida aynan shu hududda maktab o‘quvchisi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Mavjud holat mahalla yettiligi, maktab rahbariyati va bozor xavfsizligi uchun mas’ul shaxslar ishtirokida tahlil qilindi. Deputatlar maktab jamoasi va ota-onalar bilan suhbatlashib, ularning taklif hamda shikoyatlarini tingladi.  

Bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan mazkur vaziyat bo‘yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan bog‘lanib, muammoni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Natijada maktab oldidagi yo‘lga piyodalar o‘tishi uchun yo‘l chiziqlari chizildi. Hududga yangi svetofor o‘rnatish ishlari boshlandi.

Xalq vakillari bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot rahbarlariga bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, haydovchilar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini keng targ‘ib qilish hamda hududda profilaktik choralarni kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

M.Komilova, O‘zA