Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat joylarda muammolarni o‘rgandi
11:25 / 2025-07-31

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Jumamuratov Nukus shahridagi “Yosh avlod” mahalla fuqarolar yig‘inida, shuningdek Xo‘jayli tumanidagi “Mizdakxan” tarixiy-arxeologik majmuasida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

“Yosh avlod” mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” bilan bo‘lgan uchrashuv davomida deputat tomonidan mamlakatimizda qonunchilik sohasida yuz berayotgan o‘zgarish va yangiliklar, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tinglandi.

Ishtirokchilar tomonidan hududda fuqarolarning tomorqalaridan unumli foydalanish va ko‘p qavatli uylar oldidagi daraxtlarni sug‘orish maqsadida oqova suv bilan ta’minlash yuzasidan murojaat bildirildi. Shuningdek, banklar tomonidan ajratilayotgan barcha kredit turlari bo‘yicha tegishli mutaxassislar ishtirokida seminar tashkil etish taklifi berildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida arxeologiya yodgorliklarini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish, madaniy meros ob’ektlarini ro‘yxatga olish, saqlash va foydalanish tartibini takomillashtirish, madaniy meros ob’ektlari bilan tanishish va ularni ziyorat qilishdan boshqa maqsadlarda foydalanishni taqiqlashga qaratilgan qonunni qabul qilish singari bir qator dolzarb vazifalar belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Xo‘jayli tumanining “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Mizdakxan” tarixiy-arxeologik majmuasi hududida joylashgan tarixiy obidalarning bugungi holati, turistik infratuzilma, kadastr hujjatlari bilan tanishdi.

O‘rganishlar davomida ob’ekt atrofini muhofaza qilish, “Gauir qal’a” ob’ekti yonida bog‘ yaratish masalalari ko‘tarildi. Shuningdek, arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish  holatini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha deputat tomonidan asoslantirilgan takliflar berildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri