O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Joldasova Chimboy tumani Berdaq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi hunarmand Mivash Torenazarova xonadonida bo‘lib, uning ish jarayoni bilan tanishdi.
Hunarmand o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida o‘z uyida qoraqalpoq xalqining milliy qora uy bezaklarini tayyorlash bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi kunda hunarmand ish faoliyatini kengaytirib, “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirgan holda, o‘z hunarini tuman yoshlariga o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlab kelmoqda.

Shuningdek, deputat tumandagi “Temir yo‘l guzari” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi uychi usta Salamat Qoblanbayevning ustaxonasida bo‘lib, hunarmand bilan qoraqalpoq xalqining milliy qora uyini qurish jarayoni, unda foydalaniladigan ekologik jihatdan toza mahsulotlar, avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan uychilik hunari hamda ushbu bebaho san’atning bugungi kungacha yetib kelishi haqida suhbatlashdi.
Uchrashuvlar davomida deputat tomonidan bugungi kunda milliy merosni asrab-avaylash, yosh avlodni bandlikka yo‘naltirish hamda ularni hunarli qilishda mahalliy hunarmandlarning o‘rni beqiyos ekanligi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri