Namanganda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar tomonidan yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ayniqsa, maktab o‘quvchilariga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan xayrli tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Namangan shahridagi “ANAMED” tibbiyot markazi ta’sischisi, O’zLiDeP faoli Nosirbek Abdullaxonov bir necha yildan buyon Namangan shahridagi 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga saxovatpeshalik qilib keladi. O‘quvchilarga stipendiya joriy etgan, yuqori sinf xonasini zamonaviy jihozlab bergan xalq noibi ayni kunlarda viloyat musiqali drama teatrida “Turon” maktab teatri” Respublika tanlovining viloyat hududiy bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan maktabning “Namangan yulduzlari” jamoasi a’zolari bilan uchrashdi.


Muloqotda Nosirbek Abdullaxonov yurtimizda yosh iste’dod egalari uchun barcha imkoniyatlar va shart-sharoitlar bisyor ekanligini ta’kidlab, o‘g‘il-qizlarni ana shu g‘amxo‘rliklardan oqilona foydalanishga chaqirdi. Jamoa a’zolariga tanlovda omad yor bo‘lishini tiladi.
E’tirof etish joiz, havaskor aktyorlarni bir jamoa bo‘lib g‘oliblik uchun chorlayotgan “Turon maktab teatri” hududlarda katta qiziqish va yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tanlovning shahar bosqichida yetti jamoa orasida bor iste’dod va mahoratini namoyon qilgan, o‘zbek adabiyotining durdonalari sanalgan “Alvido bolalik”, “O‘tgan kunlar”, “Manqurt”, “Padarkush” asarlarini sahnada jonlantirgan iste’dodli o‘quvchilar 1-maktabda teatr studiyasining samarali faoliyat yuritayotganini amalda ko‘rsatdi. Endilikda ular viloyat bosqichida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun astoydil izlanmoqda.



– Maktabda o‘quvchilarga nafaqat bilim berish, balki ularning ikkinchi iqtidorini ham yuzaga chiqarish, yosh talantlarni kashf etishga alohida e’tibor qaratganmiz, – deydi 1-maktab direktori Sherzodbek Sodiqov. – Bu borada pedagogik jamoaga ota-onalar kengashi a’zolari, siyosiy partiyalar va deputatlarimiz yaqindan amaliy yordam bermoqda. Xususan, viloyat Kengashi deputati Nosirbek Abdullaxonov homiyligida “Turon maktab teatri” jamoasining dekoratsiyasi hamda o‘quvchilarning maxsus liboslarini xarid qildik. O‘ylaymanki, shogirdlarimiz bildirilgan ishonchi oqlab, kelgusida nafaqat viloyat, balki respublika bosqichida g‘olib chiqqan holda, xorijiy mamlakatga ta’lim sayohatiga ham ega bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA