Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zlari saylangan hududlarda o‘z saylovchilari bilan uchrashmoqda.
Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratovaning saylovchilar bilan uchrashuvining navbatdagisi eng chekka hududlarning biri – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida tashkil qilindi. Xalq vakilining dastlabki manzili tumandagi “Qangli” ovul fuqarolar yig‘inida ko‘p yillardan buyon fermerlik bilan shug‘ullanib kelayotgan “Adil-K” fermer xo‘jaligi bo‘ldi.
Deputat xo‘jalik rahbari Murat aka Qudenov bilan muloqot qilar ekan, mamlakatimizda keyingi yillari barcha sohalar singari fermerlikni rivojlantirish, fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

Umumiy yer maydoni 61 gektar, shuning 52 gektariga paxta ekilgan. Xo‘jalik asosan paxtachilikka ixtisoslashtirilgan. Xalq vakili fermerning taklif va muammolari va kelgusidagi rejalari bilan ham tanishdi.
Deputat mazkur hududdagi mahalla yetakchilari bilan ham muloqot qilib, ularning faoliyatini o‘rgandi.
“Qangli” ovul fuqarolar yig‘inining geografik joylashuvi, tuproq unumdorligi, qolaversa, hudud aholisining yer tilini tushunib, turli ekinlardan mo‘l hosil to‘plash usulini bilishi yilning to‘rt faslida ham dehqonchilik qilishga imkon beradi.

Azaldan bog‘bonlar yurti bo‘lgan bu qishloq aholisi tomorqa yerlaridan ham unumli foydalanib kelmoqda.
G. Xalmuratova Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi Duzelbay aka Sadikov, Sapargul aya Qalbayevalarning ham xonadonida bo‘lib, ular bilan muloqot qildi. Tomorqachi xonadon egalari dehqonchilik, chorvachilik, bog‘chilik bilan ko‘p yillardan bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Deputat mehnatdan qadr topayotgan qo‘ng‘irotli fermerlar va tomorqachi xonadon egalarining fikr va takliflarini ham tingladi.
Xalq vakilining uchrashuvi joylarda davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri