Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat faoliyatidan aholi mamnun
18:20 / 2025-07-30

“Aqmang‘it" saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Alisher Jumanazarov 2025 yilning ikkinchi choragida amalga oshirilgan ishlari bo‘yicha hisobot berish uchun o‘z saylovchilari bilan uchrashdi.

Unda ovul va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, mahalla yettiligi a’zolari va ko‘cha oqsoqollari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda dastlab xalq vakilining 2025 yilning ikkinchi choragida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.

–Alisher Jumanazarov fidoyi, xalqparvar, jonkuyar deputat sifatida aholining hurmati va ishonchini qozonib kelmoqda. Uning bevosita sa’y-harakatlari bilan tumanimizning “Samanbay”, “Namunali makon”, “Aqmang‘it”, “Dehqon arna” va “Taqirko‘l” mahallalari kundan-kunga obod bo‘lib bormoqda. Yaqinda mahallamizga beton ustunlar va nasoslar qurildi, elektr simlari tortib berildi. Uning qilayotgan xolis ishidan barcha mahalla xalqi minnatdor,–deydi “Namunali makon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Adilbay Dauletniyazov.

Haqiqatdan ham o‘tgan davr ichida xalq vakilining e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli “Namunali makon” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi uchun bir qator qulayliklar yaratildi. Ularning murojaati asosida ichki yo‘llar tartibga keltirilib, qum-shag‘al yotqizildi. Deputatning ko‘magi bilan “Uzunko‘l” massivi hududiga diametri 250 mm bo‘lgan zamonaviy suv nasosi qo‘shimcha barcha uskunalari bilan birga o‘rnatib berildi. “Kattag‘ar” kanalining ovul hududidan o‘tuvchi 400 metr masofadagi maydoni qazib tozalandi. Shuningdek, “Dehqon arna” mahalla fuqarolar yig‘ini “8-Mart” aholi punktidagi eski elektr sim ustunlari o‘rniga beton ustunlar o‘rnatish ishlari olib borildi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati borasida, jumladan, Qoraqalpog‘iston aholisi uchun berilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, partiyaning saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi. Aholining 10 ga yaqin murojaati va ko‘p yillardan buyon yechimini kutayotgan masalalari o‘rganildi.

Deputat faoliyatiga bag‘ishlangan hisobot tadbiri uning hududdagi ko‘plab masalalarda saylovchilar ishonchini oqlash, xalqni rozi qilishga qaratilgan amaliy ishlari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Uchrashuv davomida kelgusidagi vazifalar va maqsadlar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri