Buxoroda bo‘lib o‘tgan “Talaba YeXRO – 2025” kelajakka qadam anjumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev ham ishtirok etdi.
Anjuman talaba va yosh olimlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik va ijtimoiy innovatsiyalarni targ‘ib qilish, shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda bir qator ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va madaniy loyihalar taqdim etildi.

– Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor beqiyosdir. “Yoshlar bizning kelajagimiz” degan g‘oya endi shunchaki shior emas, balki har bir qarorda, har bir dastur va amaliy ishda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Ta’lim tizimini isloh qilish, yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bularning barchasi bugungi islohotlarning bosh yo‘nalishiga aylangan. Mazkur ko‘rgazma nafaqat kasb ko‘rgazmasi, balki kelajak bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarning qisman katta hayotga qadam qo‘yish marosimidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi A.Hamzayev.
Markaziy Kengashi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev Buxoro shahridagi Kasbiy ko‘nikmalar markazida ham bo‘lib, yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘quv xonalari, amaliy mashg‘ulotlar uchun jihozlangan ustaxonalar bilan tanishildi hamda o‘quvchilarning kasbga tayyorlash jarayonlari yaqindan ko‘zdan kechirdi.

Uchrashuv davomida ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarni innovatsion g‘oya va tashabbuslarga jalb etish, shuningdek, kasbiy tayyorgarlikni xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, deputat Xalq deputatlari Vobkent tumani Kengashi faoliyati va unda yaratilgan ma’muriy-tashkiliy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv va o‘rganish davomida tuman Kengashi binosida olib borilayotgan ishlar, deputatlar va mas’ul xodimlarning jamoatchilik bilan muloqotini tashkil etish tartibi, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish mexanizmlari hamda Kengashning kundalik faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma bilan tanishdi.

Shundan so‘ng Shofirkon tumanida faoliyat yuritayotgan “Amirteks” MCHJ tikuvchilik korxonasida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Bugungi kunda korxona 1200 ish o‘rniga ega bo‘lib, hozirda 950 nafar ishchi faoliyat yuritmoqda. Deputat ishchilar uchun yaratilgan mehnat sharoitlarini ko‘zdan kechirdi.
Korxona oyiga o‘rtacha 550 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqaradi. Bu mahsulotlarning umumiy qiymati 700 ming AQSH dollariga teng bo‘lib, mahsulotlar Slovakiya, Polsha, Germaniya, AQSH va Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Deputat korxona jamoasining mehnat samaradorligini, eksport salohiyatini va yangicha ishlab chiqarish yondashuvlarini yuqori baholab, mamlakatimiz sanoatida bunday korxonalar salmoqli o‘rin tutishini ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.