O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi qoshidagi “Deputat ayollar” klubining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlari, partiya “Ayollar qanoti” faollari va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi 22006 nafar umumiy a’zolari sonining 10036 nafarini xotin-qiz tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida O‘zMTDP deputatlarining 6 nafari, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlarining 39 nafari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislarining 293 nafari, Kengash raislari va o‘rinbosarlarining 31 nafari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan a’zolarining 2 nafari xotin-qizlardan iborat. Xotin-qizlar, oila, onalik va bolalik, tazyiq va zo‘ravonlik, gender masalalari borasida mavjud muammolarni tizimli hamda manzilli hal etish, shuningdek jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish maqsadida jamoatchilik asosida “Deputat ayollar” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


–Tashkil etilayotgan klub deputat ayollarimizning o‘zaro tajriba almashishi, belgilangan vazifalarni bajarishda yanada jipslashishida muhim ahamiyat kasb etadi,–deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Injoyim Seytnazarova. –Mazkur klub- deputatlarimiz uchun tajriba maktabi vazifasini o‘tasa, yana bir jihatdan, shahar va tuman Kengashlari deputatlarining bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyati doirasida fikr almashish imkonini beradi.

Tadbir davomida deputat ayollar tomonidan kelgusida klub faoliyatini yana da rivojlantirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Qahramoni Onesiya Saytova va bir qator faol ayollar partiya safiga qabul qilindi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA