Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov Chirchiq shahrida bo‘lib, o‘tgan yil hududda investitsiya dasturining bajarilishi va joriy yilga mo‘ljallangan dastur rejasi bilan tanishdi. Xususan, jarayonda bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari va korxonalarda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mahallalarda mas’ullar bilan suhbat qilindi.
Jumladan, Amir Temur hamda “Nur” MFYlarda “yettilik” faoliyati bilan tanishilib, mavjud muammolar o‘rganildi. Bu hududlarda ishsizlikni kamaytirish, aholi bandligi va ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida mas’ullar bilan fikr almashildi.
Shundan so‘ng deputat shahardagi 16- va 21-umumta’lim maktablari binolari holatini ko‘zdan kechirdi. Kuzatuvlarga ko‘ra, bu maktablarning binolari kapital ta’mirlashga muhtojligi aniqlandi. Shuningdek, Chirchiq shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi teri-tanosil kasalliklari Dispanserida shifokorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Jarayonda aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasidagi takliflar tinglandi. Xususan, bo‘limning kapital ta’mirlashga muhtojligi, tibbiyot uskuna va jihozlarning yetishmasligi borasida bildirilgan murojaatlarni hal qilish borasida mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
N.Umarov Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida ishtirok etdi. Unda 2025 yilda shaharni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi, Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi deputatlari tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va aniqlangan muammolarni hal etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining ijtimoiy iqtisodiy sohalarda belgilangan dolzarb vazifalarni davlat ijro organlari tomonidan bajarilishini deputatlarning doimiy nazoratida bo‘lishligi va mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni bartaraf etishni ta’minlash muhimligi qayd etildi.
A.Musayev,O‘zA