Samarqand viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat Azamat Pardayev saylovchilarning yashash sharoiti, ehtiyojlari va ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida Bulung‘ur tumanining G‘o‘bdin hamda Oqtosh mahallalarida bo‘ldi.
Mahalla “yettiligi” faoliyati, hududda aholi turmush darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Oqtosh mahallasida asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi Baxtiyor Boyxo‘rozov tajribasi o‘rganilib, uni ommalashtirish, mahallada tadbirkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Aholi bilan yuzma-yuz muloqot chog‘ida qayd etilgan Mo‘minobod qishlog‘idagi elektr tarmog‘i bilan bog‘liq muammo tuman elektr tarmoqlari korxonasi mas’ullari ishtirokida joyida o‘rganilib, hal etildi.

Shuningdek, deputat ta’lim va tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashib, ularning muammolarini eshitdi.

– 31-umumta’lim maktabidagi uchrashuvda uzoq masofadan qatnovchi o‘quvchilar uchun ajratilgan avtobusning ijara muddati tugayotgani va uni qayta ijaraga olishda ayrim tashkiliy muammolar mavjudligi aytildi, – deydi Azamat Pardayev. – Masala yuzasidan tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari bilan gaplashib, avtobusning ijara muddatini uzaytirish va o‘quvchilarning maktabga qatnovini uzluksiz ta’minlashga kelishib oldik.
Uchrashuvlarda bildirilgan har bir murojaat va taklif nazoratga olinib, ular asosida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlarni amalga oshirish belgilab olindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri