French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputat 35 xonadon uchun 200 metr suv tarmog‘i yangilanishida ko‘maklashdi
08:08 / 2021-08-15

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputat, “Art Soft Holding” kompaniyasi rahbari, O‘zLiDeP faoli Olimxon Boboxonov tomonidan Namangan shahridagi “G‘ishtko‘prik” dahasida tashkil etilgan deputatlik qabulxonasi aholi, shu jumladan, saylov okrugi hududida joylashgan saylovchilarning murojaatlarini tinglash, ularga amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, deputatga “Sumalak guzari” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Baliqchi” ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi vakillari tomonidan ushbu ko‘chadagi suv tarmog‘i quvurining yorilishi tufayli xonadonlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va ko‘chaning qatnov qismidan avtomobil, piyodalar harakatlanishida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat bildirildi.

Mazkur murojaat deputat tomonidan o‘rganib chiqilib, zarur bo‘lgan 200 metr suv quvuri xalq noibining mablag‘i evaziga beg‘araz yetkazib berildi. Aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qisqa muddatda suv quvurlari yangilandi. Buning natijasi o‘laroq, 35 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan yana to‘liq ta’minlanishiga erishildi.

– To‘g‘risi, oldingi chaqiriqlarda saylangan deputatlarimizda faollik va jonkuyarlik ko‘zga tashlanmas edi, – deydi “Sumalak guzari” mahallasi fuqarosi Isoqjon Mirzaboyev. – Ularni mahallamizda deyarli uchratmasdik, muloqot qilib o‘z masalamizni qo‘ya olmasdik. Keyingi yillarda siyosiy partiyalar, ayniqsa deputatlarimiz xalqning ichiga kirib bordi. Turli masala va muammolar ular tomonidan eshitilyapti, hal etilmoqda. Hududimizdan saylangan deputat Olimxon Boboxonov suv bilan bog‘liq muammoni ijobiy hal etishga amaliy yordam berdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA