Depressiya bugungi kunda dunyo bo‘ylab keng tarqalgan ruhiy kasallik sifatida millionlab odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Odatda bu muammo psixologik terapiya, ya’ni mutaxassis bilan suhbat yoki dori-darmon yordamida hal qilinadi. Yangi ilmiy tahlil esa shuni ko‘rsatdiki, ayni holatda shunchaki jismoniy mashq ham samara berishi mumkin.
Nufuzli “Cochrane” tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli tajriba orqali depressiyaga chalingan qariyb 5 000 nafar odam ishtirok etgan 73 klinik tadqiqot o‘rganildi. Maqsad jismoniy mashq depressiya alomatini qanchalik kamaytirishini aniqlash edi.

Natijadan ma’lum bo‘ldiki, mashq qilish depressiyaning asosiy belgilari — doimiy charchoq, tushkunlik, uyqusizlik, umidsizlik kabi holatlarni kamaytirishda psixoterapiya yoki aksil depressant dorilardan kam samara bermas ekan. Tadqiqot mualliflaridan biri, professor Endryu Klegg aytishicha, jismoniy faollik xavfsiz, hammaga ochiq va davomiyligini ta’minlash oson usul sifatida muhim o‘rin tutadi.
Shu bilan birga olimlar insonlarni biroz ehtiyotkorlikka ham chaqirgan. Odatda tadqiqot muayyan guruh bilan o‘tkaziladi va doim ham uzoq muddatli ta’sirni aniq baholash imkonini beravermaydi. Ya’ni, mashq ko‘p yillik samara berishini isbotlash uchun yanada yirik va sifatli ilmiy izlanishlar zarur.
Darvoqe, tahlil biror aniq mashq turi boshqasidan mutlaq ustunligini ko‘rsatgani yo‘q. Yengil va o‘rta darajali mashqlar, masalan tez yurish, yengil yugurish, kuchga tayangan harakat kuchliroq mashqqa qaraganda ko‘proq foyda bergan. Jami 13–36 marta shug‘ullanganlarda depressiya alomati sezilarli darajada kamaygan. Ayniqsa aerob mashq (yurish, yugurish, velosiped haydash) bilan kuch mashqini birlashtirish yaxshi foyda bergan.

Bu xulosa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumoti o‘laroq alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi kunda depressiya dunyo bo‘yicha nogironlik va mehnatga layoqatsizlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, 280 milliondan ziyod odam ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda.
Umuman, jismoniy mashq allaqachon ko‘plab davlatlarda rasmiy tibbiy tavsiya turiga aylangan. Masalan, Yevropa psixiatrlar assotsiatsiyasi o‘rtacha va kuchli jismoniy faollikni yoqlaydi. Xususan, Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi kamida 10 hafta mutaxassis nazoratida guruh mashqini maslahat beradi. Kanada mashqni yengil va o‘rta darajali depressiyani mustaqil davolash usuli sifatida, og‘ir holatda esa dori va terapiya bilan birga qo‘llashni tavsiya etadi.
Xulosa shuki, jismoniy mashq depressiyani to‘liq davolaydigan “mo‘’jiza” emas, balki ko‘pchilik uchun ruhiy holatni yengillashtiradigan, organizmga qayta kuch bag‘ishlaydigan va eng muhimi inson o‘zi nazorat qila oladigan samarali vositadir. Ba’zan depressiyaga qarshi kurash aynan kichik qadamdan — harakatdan boshlanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA