English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Departament: tadbirkorlarga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq 190 jinoyatga barham berildi
16:20 / 2025-02-05

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati rahbari Nurbek Halimov yashirin iqtisodiyot hamda iqtisodiy jinoyatlarga kompleks qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:

– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024 yilda Departament organlari faoliyati tubdan isloh etilib, Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi Departament organlari tizimiga o‘tkazilib, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash bo‘yicha nazorat tizimi o‘rnatildi.

Joriy etilgan yangi mexanizmlar hamda islohotlar natijasida muayyan natijalar qayd etildi. Xususan, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda uni keltirib chiqarayotgan omil va sabablarini bartaraf etish yo‘nalishlaridan biri sifatida faoliyat tashkil etilib, 12 ming 254 tadbirkorlik sub’ektiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan 60 mingdan ziyod tadbirkor faoliyatiga qonuniy tus berildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish hamda ularning huquq va manfaatlarining buzilishi bilan bog‘liq 190 jinoyatga barham berildi.

Soliq huquqbuzarligi to‘g‘risida tadbirkorlarni xabardor qilish hamda profilaktika choralari orqali jinoyat ishlari qo‘zg‘atmasdan 15,3 milliard so‘m soliqlarning ixtiyoriy ravishda davlat byudjetiga to‘lanishi ta’minlandi.

Biroq profilaktika hamda qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanmagan hamda soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashni davom ettirish bilan bog‘liq 1 ming 625 holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 800 milliard so‘mdan ortiq soliqlar byudjetga undirildi.

Yashirin iqtisodiyotdagi hisobga olinmagan 20,6 mingta holat rasmiy iqtisodiyotda aks ettirilishi ta’minlanib, shakllangan qo‘shimcha manbalar byudjetga undirildi.

Shuningdek, yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli sxemalari va kanallarini fosh etish, sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan bog‘liq qariyb 2 000 ta huquqbuzarlik aniqlanib, iste’molga yaroqsiz 141 milliard so‘mlik mahsulotlar muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-nazorat tadbirlari davomida 1 ming 392 ta alkogol va tamaki mahsulotlari noqonuniy muomalasining oldi olinib, qariyb 65 milliard so‘mlik spirt, alkogol va tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi.

Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish borasida ko‘rilgan choralar natijasida tamakining noqonuniy aylanmasi 22 foizdan 9 foizga, alkogolning yashirin aylanmasi 35 foizdan 18 foizga qisqardi. Natijada birgina tamakining aksiz solig‘i tushumi 31 foizga oshdi.

Farmatsevtika sohasidagi yashirin aylanmalar, sifatsiz hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq 387 jinoyat aniqlanib, 38,5 milliard so‘mlik preparat hamda tibbiy buyumlar olib qo‘yildi.

Departament hamda Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishiga rioya qilishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 2,8 trillion so‘mlik xarajatlar maqbullashtirildi, 3,1 trillion so‘mlik mablag‘lar noto‘g‘ri sarflanishining oldi olindi.

Energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish borasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv va tahliliy ishlar natijasida 1,2 mingdan ortiq holatda jami 600 milliard so‘mdan ziyod tabiiy gaz va elektr energiyasining talon-toroj qilinishi fosh etilib, huquqbuzarlik faoliyatiga chek qo‘yildi.

Departament organlari tomonidan aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash maqsadida mahalliy hokimlik va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda fermer, dehqon va ishlab chiqaruvchilarning dehqon bozorlarida birinchi qo‘l tamoyili asosida savdoni amalga oshirishiga sharoit yaratilib, barcha dehqon bozorlarida jami 3 ming 59 arzonlashtirilgan savdo rastalari doimiy faoliyat yuritishi tashkillashtirildi.

N.Abduraimova, O‘zA