Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ularni sotish, tarqatish taqiqlanadi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari xodimlari kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi muntazam ravishda kurashmoqda.
Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.X. 84 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro M.M.ga 3,3 million so‘mga sotgan vaqtda ushlandi. Uning yonidan o‘tkazish maqsadida olib kelingan 738 dona “Regapen”, 176 dona “Selofen” va 16 dona “Tropikamid” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro R.M. 45 dona “Regapen” va 8 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaro F.A.ga 5 million so‘mga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Z.F.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixona sotuvchisi Sh.R. fuqaro D.A.ga to‘rt dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 200 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Uning yonidan o‘tkazish maqsadida olib kelingan jami 89 dona oq va qizil kapsuladagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi “H.F.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixona sotuvchisi X.A. to‘rt dona “Zardeks” nomli dori vositasini 200 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan jami 22 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur moddada nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, ya’ni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoxud ularni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar takroran yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar uyushgan guruh tomonidan yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni ishlab chiqarish, olish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yoxud jo‘natish qoidalarni buzish, agar bu ehtiyotsizlik orqasida ularning o‘g‘irlanishiga yoki boshqa tarzda jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA