Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Departament: 56 holatda 3,2 milliard so‘mlikdan ziyod sifatsiz dorilar aholiga sotilishining oldi olindi
19:37 / 2023-09-14

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar qanday samara bermoqda?

Bu haqda Departament boshlig‘i Dilshod Rahimov ma’lumot berdi.

– Joriy yilning 8 oyida tadbirkorlarni jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, jinoyatlarni profilaktika qilish hamda ularning sodir etilishiga imkon berayotgan tub sabablarni aniqlab, bartaraf  etishga  alohida  e’tibor  qaratildi, - dedi D.Rahimov. - Xususan, tadbirkorlik sub’ektlarining himoyasi, biznesni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish borasida ular faoliyatiga noqonuniy aralashish, huquq va manfaatlarini qo‘pol ravishda buzish  bilan  bog‘liq 181 jinoyatga chek qo‘yildi.

Soliqlarni to‘lamagani aniqlangan 161 sub’ektga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmasdan ularga soliqlarni ixtiyoriy to‘lash bo‘yicha xabarnomalar berish orqali to‘lanmagan soliqlar davlat byudjetiga undirildi.

Qonunchilikda taqiqlanmagan faoliyat bilan yashirincha shug‘ullangan 103 nafar shaxsga tadbirkorlik uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar hamda imtiyozlarni tushuntirish va amaliy yordam ko‘rsatish orqali  ularning  faoliyatiga  qonuniy  tus  berildi.

Umuman olganda, jami 1,5 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada 3 ming 157 yangi  ish  o‘rni yaratildi.

Raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiluvchi xufyona iqtisodiyot shakllanishining turli sxema va kanallarini aniqlash borasida o‘tkazilgan tadbirlarda inson hayotiga hamda sog‘lig‘iga xavf soluvchi kontrafakt va sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq 434 huquqbuzarlik aniqlandi. Natijada 23,4 milliard so‘mdan ziyod  bo‘lgan yaroqsiz mahsulot muomaladan olib qo‘yildi.

Sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish borasida olib borilgan tezkor - qidiruv tadbirlarda 56 holatda 3,2 milliard so‘mlikdan ortiq sifatsiz dorilar aholiga  sotilishining oldi  olindi.

Kuchli ta’sir qiluvchi, narkotik hamda psixotrop moddalarni saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tadbirlari kuchaytirildi. Fosh etilgan 90  jinoyat ishi doirasida 423 million so‘mlik bunday turdagi dorilar noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.

Afsuski, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, biznes muhitini yaxshilash maqsadida qonunchilikda yaratilayotgan keng imkoniyatlarning qadriga yetmasdan, ulardan noqonuniy ravishda boylik orttirish, noto‘g‘ri va g‘araz maqsadlarda foydalanishga urinayotganlar ham uchramoqda. Bu kabi sub’ektlar bilan doimiy profilaktik tadbirlar o‘tkazilib,  manzilli ishlar olib borilmoqda.

Shunga qaramasdan, o‘z xatosini bartaraf etmagan, soliq solinadigan bazani yashirish, kamaytirib ko‘rsatish va soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash orqali nohalol raqobatni vujudga keltirish harakatini davom ettirgan sub’ektlarga 3,3 trillion so‘m soliqlar qo‘shimcha hisoblanib, ularning 521,5 milliarad so‘mi byudjetga undirilishi ta’minlandi.

Jinoyatlarning oldini olish hamda profilaktika qilish maqsadida 38,3 mingta, shundan tadbirkorlarning himoyasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qariyb 19,3 mingta targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining aholi dasturxonini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarning barqarorligini saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qarorlari ijrosini ta’minlash borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida 263 ming tonnadan ortiq mahsulot hududlararo intervensiya qilindi.

Har bir dehqon bozorida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo rastalari tashkil qilinib, mahsulotlar aholiga hamyonbop narxlarda sotilishi ta’minlanmoqda.

Umuman olganda, Departament organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini himoya qilish hamda ularni qo‘llab quvvatlash orqali ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan ishlar tizimlilik asosida davom ettiriladi.  

N.Abduraimova, O‘zA