Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Departament: 40 milliard so‘mlikdan ortiq iste’molga yaroqsiz mahsulotlar muomalaga kiritilishining oldi olindi
15:46 / 2023-12-18

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida qanday ishlar amalga oshirildi?

Bu savolga Departament axborot xizmati rahbari Nurbek Halimov javob berdi:  

– Departament organlari tomonidan 2023 yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub’ektlarining himoyasini ta’minlash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, huquq va manfaatlarini buzish  bilan bog‘liq 260 ta jinoyatga chek  qo‘yildi.  

Qonunchilikda taqiqlanmagan faoliyat bilan yashirincha shug‘ullangan 212 nafar shaxsga tadbirkorlik uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar va imtiyozlarni tushuntirish orqali  ularning faoliyatiga qonuniy tus  berildi.  

Umuman, 1 ming 755 tadbirkorga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi.  

Raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiluvchi yashirin iqtisodiyot shakllanishining oldini olish borasida o‘tkazilgan tadbirlarda inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi kontrafakt va sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq 857 huquqbuzarlik aniqlandi. Natijada 40 milliard so‘mlikdan ortiq iste’molga yaroqsiz mahsulotlar muomalaga kiritilishining oldi olindi.  

Xususan, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bo‘yicha 487 huquqbuzarlik aniqlanib, qariyb 14,5 milliard so‘mlik 505,4 ming dona qalbaki aksiz markali alkogolli ichimliklar, ushbu ichimliklarni tayyorlash uchun saqlab kelingan 23 ming dona qalbaki aksiz markalar, qariyb 5 milliard so‘mlik tamaki ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.    

Ushbu tadbirlar doirasida alkogol mahsulotlarini xufiyona ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan 8 ta yirik ishlab chiqaruvchi hamda noqonuniy alkogol ishlab chiqaruvchilarni spirt bilan ta’minlab kelgan 6 ta soxta ishlab chiqaruvchiga nisbatan jinoiy ish  qo‘zg‘atildi.    

Sifati kafolatlanmagan, qalbaki yoki inson salomatligiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari sotilishining oldini olish borasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 139 holatda 5,3 milliard so‘mlikdan ortiq sifatsiz dori muomaladan olib qo‘yildi.  

Elektr energiyasi va gaz sohasida olib borilgan tezkor-qidiruv va tahliliy ishlar natijasida 863 holatda jami 862,6 milliard so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlanib, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.    

Shu jumladan, 25 ta noqonuniy mayning kripto-aktivlari fermalari faoliyatiga chek qo‘yilib, ular tomonidan 31,3 milliard so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlaganliklari aniqlandi.      

Kuz-qish mavsumida ko‘mir yoqilg‘isini aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga imtiyozli narxda manzilli yetkazilishini ta’minlash borasida kunlik nazorat tadbirlari yanada kuchaytirilib, mazkur sohada qo‘zg‘atilgan 89 jinoyat ishi doirasida 43 ming 203 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani fosh etildi.  

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, respublikamizdagi barcha dehqon bozorlarida 202 ta arzonlashtirilgan savdo rastalari doimiy o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ushbu rastalarga mingdan ziyod poliz, 543 ta chorva, 415 ta parrandachilik korxonasi, 280 ta baliq hamda 1 ming 219 dan ortiq boshqa ishlab chiqaruvchilar biriktirilib, mahsulotlarning uzluksizligi ta’minlanmoqda.    

Aholi dasturxonini sifatli oziq-ovqat bilan kafolatli ta’minlash, narx barqarorligini saqlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 328 ming tonnadan ortiq mahsulot hududlararo intervensiya qilindi.  

Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida ushbu savdo rastalarida iste’molchilarning kunlik ehtiyojidan kelib chiqib mahsulotlar hajmi va narxi monitoring qilingan holda mahsulotlar mo‘l-ko‘lchiligini ta’minlash choralari ko‘rilayotir. 

Umuman olganda, Departament organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini himoya qilish iqtisodiy jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar tizimlilik asosida davom ettirilmoqda.  

N.Abduraimova, O‘zA