Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabalari ajoyib tashabbusni ilgari surdi. “Bir talaba – bir kitob” shiori bilan “Mening kutubxonamga hissam” nomli loyihani boshladi.
Oliy ta’lim muassasasining “Biznesni boshqarish” yo‘nalishida ta’lim olayotgan bir guruh yigit-qiz loyiha doirasida birinchilardan bo‘lib, institutning axborot-resurs markazi fondiga 27 nomdagi 50 ga yaqin o‘quv qo‘llanma va badiiy adabiyotlarni topshirdi.

Institut rektori Oybek Ro‘ziyevdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda bu tashabbus keng quloch yozib, talabalar oliy ta’lim muassasasining ziyo maskaniga o‘z xohishlari bilan badiiy, tarixiy va boshqa mavzudagi kitoblar hamda o‘quv qo‘llanmalarini topshirmoqda. Shuningdek, ular boshqa tengdoshlarini ham xayrli loyihada faol qatnashishga undamoqda.


– Mazkur loyiha axborot-resurs markazimiz fondini yangi va turli asarlar, o‘quv qo‘llanmalari bilan boyitish barobarida yoshlarning kitobga mehrini yanada oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi O.Ro‘ziyev. – Ularning kitob bilan yaqin do‘st tutinishiga intilishini mustahkamlab, talaba-yoshlarning ilm-fanga qiziqishi, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatiga chuqur extiromini namoyish etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA