Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Denovlik talabalar ilm izlab, dunyo kezadi
12:12 / 2025-06-02

Surxondaryo viloyati o‘tmishdan ilm-fan o‘chog‘i sifatida shuhrat qozongan. Bu yurtda kamol topgan buyuk mutafakkir olimlar diniy va dunyoviy ilmlarni rivojlantirib, jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilimga tashna yigit-qizlarning o‘zlari qiziqqan sohalarini chuqur o‘rganishi uchun barcha sharoitni yaratdi. Yurtimizning chekka hududlarida ham zamonaviy usulda jihozlangan yangi oliy ta’lim muassasalari ochilib, turli mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ilm izlab, fan sirlarini mukammal o‘rganishi, o‘tmishdagi buyuk ajdodlari an’analarini davom ettirishi uchun qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi. Bundan oqilona foydalanayotgan Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti bitiruvchilari ham sayyoramizning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, ulug‘ ajdodlariga munosib avlod bo‘lishga intilmoqda. Institutning 14 nafar bitiruvchisi jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichiga grant asosida o‘qishga qabul qilingani bunga yaqqol dalildir.

Joriy yil tashkil etilganiga besh yil to‘lgan Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘tgan qisqa davrda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun olti mingdan ortiq mutaxassis tayyorlab, katta hayotga yo‘llanma berdi. Bu yil institutni 18 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 893, 8 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 37 nafar yigit-qiz tugatmoqda. Bitiruvchilarning bir nafari Prezident stipendiyasi, o‘n nafari nomdor stipendiyalar sovrindori. 19 nafari rektor stipendiyasiga sazovor bo‘lgan. 

– Bularning barchasi Prezidentimiz tashabbusi bilan chuqur bilim va tafakkurga ega oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar namunasidir, – deydi institut rektori Oybek Ro‘ziyev. – Talabalarning institutda o‘qib, izlanishi, dunyo o‘g‘il-qizlari bir safda yangilik yaratishi uchun barcha sharoit mavjud. Zamonaviy axborot-resurs markazi, o‘quv laboratoriyalari, sport inshootlari talabalarimiz xizmatida. Shu yil barcha qulayliklarga ega “Karera markazi” foydalanishga topshirildi. Bu maskanda talabalarimiz nafaqat qo‘shimcha ilm-fan sirlarini egallashi, balki kasb-hunar o‘rganishi ham mumkin. Sport inshootlarida muntazam shug‘ullanayotgan bitiruvchilarimizning 14 nafari respublika va xalqaro darajadagi sport musobaqalarida g‘olib bo‘ldi. 521 nafari turli darajadagi xorijiy til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Yangilanayotgan O‘zbekistonga munosib kadrlar bo‘lish orzusi bilan tinmay o‘qib, o‘rganayotgan talabalarimizga ish beruvchilarda ham katta qiziqish paydo bo‘lmoqda.

Institutdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yil oliy o‘quv dargohini tugatayotgan yigit-qizlarning 782 nafari viloyatdagi turli tarmoqlarga ishga qabul qilindi. 900 dan oshiq bitiruvchi ishga joylashish uchun uch tomonlama shartnomaga ega bo‘ldi. Institutda tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markaziga murojaat etgan bitiruvchilardan 43 nafari imtiyozli kredit olib o‘z biznesini boshladi. Yana 68 nafariga yaqin kunlarda imtiyozli kredit ajratiladi. Yuzdan ortig‘i magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishini davom ettiradi. 

Institutda magistr darajasini olib, ilmiy ish qilishga, ilm-fan olamida yangilik yaratishga ishtiyoqi kuchli talabalarning bir qismi jahondagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalariga intilayotgani e’tiborga sazovor bo‘lmoqda. Masalan, filologiya fakulteti “Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari – Mastona Aymatova hamda Olimjon Raimov TOP-1000 universitetlar reytingida 574-o‘rinni egallab turgan Janubiy Koreyaning Gachon universiteti “Ingliz tili va adabiyoti” magistratura mutaxassisligida grant asosida tahsil olish huquqini qo‘lga kiritdi. Filologiya fakultetining “Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi Jamshid Tilovmurodov Italiya Respublikasining dunyo reytingida nufuzli TOP-1000 talikka kiruvchi Missina universiteti magistratura bosqichida grant asosida o‘qiydigan bo‘ldi. Tadbirkorlik va boshqaruv fakulteti “Iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi Jamshid Omonkeldiyev dunyo reytingida TOP-500 talikka kiruvchi Janubiy Koreyaning Sejong universiteti “Big Data va Sun’iy intellekt” (Big Data AI) magistratura mutaxassisligiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Filologiya fakulteti “O‘zga tilli guruhlarda rus tili” ta’lim yo‘nalishining o‘n nafar bitiruvchisi Rossiya Federatsiyasining N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijegorod davlat lingvistika universiteti magistratura bosqichiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

– Qadimda Chag‘aniyon nomi bilan mashhur bo‘lgan hozirgi Denov tumani ilm-fan, madaniyat rivojlangan hudud sanalgan, – deydi bitiruvchi Jamshid Tilavmurodov. – Endilikda Denov ana shu shuhratini qayta tiklashi uchun barcha sharoit yaratilib, zamonaviy oliy ta’lim muassasasi ilmga chanqoq yoshlarni o‘z bag‘riga olmoqda. Bu yil shu dargohni tugatyapman. Kelajakda ilm-fan bilan shug‘ullanish orzuim bor edi. Buning uchun xorijda ta’lim olishga ahd qildim. Italiyaning dunyo reytingida nufuzli TOP-1000 talikka kiruvchi Missina universiteti magistratura bosqichida grant asosida o‘qishga kirdim. Bunda institutda olgan bilimlarim juda qo‘l keldi. Biz yoshlarning o‘qib, izlanishimiz, jahonning eng mashhur oliy ta’lim muassasalarida ta’limni davom ettirishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratgan davlatimizdan behad minnatdormiz.

Institut bitiruvchilarida o‘qishni xorijda davom ettirishga katta qiziqish bildirilayotgani bu dargohda ta’lim sifatini, institut bitiruvchilarining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir. 

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri