Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Denovlik IIB xodimlari kasb bayramlarini yangi binoda nishonlaydi
19:57 / 2022-10-24

Surxondaryo viloyati IIB shimoliy mintaqaviy hudud Denov tumani ichki ishlar boshqarmasining yangi binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar vazirligining 18 milliard 523 million so‘m byudjetdan tashqari mablag‘i evaziga bunyod etilgan to‘rt qavatli binoning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik A.Ismoilov, tuman hokimi A.Allamurodov va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlarini xalqimizning ishonchli suyanchig‘iga aylantirish va xodimlarning nufuzini oshirib, o‘z vazifalarini samarali bajarishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi. Tizim xodimlariga munosib mehnat sharoiti yaratish va ularning oila a’zolarini ijtimoiy – iqtisodiy qo‘llab quvvatlash yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning ahamiyati haqida fikr yuritdi.

Janubdagi vohada ham bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mustaqilligimizning 31 yillik bayrami arafasida 7 milliard 562 million so‘m mablag‘ evaziga viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining yangi binosi, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, osoyishtaligimiz posbonlarining kasb bayrami oldidan 1 milliard 904 million so‘m mablag‘ sarflanib, qayta ta’mirlangan Qumqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasining yopiq tipdagi zamonaviy yangi sport majmuasi ishga tushirildi. 11 milliard 511 million so‘m mablag‘ evaziga Bandixon tuman ichki ishlar bo‘limining zamonaviy yangi binosi barpo etildi.

Denov tumani ichki ishlar boshqarmasining yangi binosida ham osoyishtaligimiz posbonlarining xizmat burchlarini sharaf bilan ado etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. To‘rt qavatli muhtasham binoda sport zal, kutubxona, tergov xonalari, advokatlar uchun xonalar, sayyor sudlarni o‘tkazish uchun sud zali barpo etilib, jihozlangan. Tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda boshqa bo‘limlar ham uchun keng, yorug‘ barcha qulayliklarga ega xonalar ajratilgan.

–Bunday zamonaviy sharoitlarga ega binoda xizmat qilish bizning davrimizda orzuga aylanib qolgan, – deydi Denov tumani IIB faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Muhammadi Qurbonov.– Agar imkoni bo‘lsa, bu yerda faxr bilan xizmat qilar edim. Xonalar keng, yorug‘ va ozoda. Barcha qulaylik bor, zamonaviy usulda jihozlangan. Bularning barchasi yurtimiz osoyishtaligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir.

Tantanali marosimda samarali xizmati uchun bir guruh ichki ishlar organi xodimlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Viloyat IIB shimoliy mintaqaviy hudud Denov tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik I.Yusupovga yangi binoning ramziy kaliti topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi bino va bu yerda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri