Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Denovlik eng kuchli sportchilar sharaflandi
07:33 / 2025-07-26

Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov yosh sportchilar va ularning murabbiylari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida mamlakatimizda sportni rivojlantirib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, sport infratuzilmasini tubdan yangilab, zamonaviy inshootlar barpo etish va nufuzli bellashuvlarda g‘olib bo‘layotgan sportchi hamda ularning murabbiylarini munosib rag‘batlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida alohida fikr yuritildi. Bunday g‘amxo‘rliklar Denov tumanida sportning futbol, dzyudo, kurash, boks va jang san’ati kabi turlarini yangi bosqichda yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.  

Ayni paytda tuman yoshlari barcha zamonaviy sharoitlarga ega Denov sport maktabi, dzyudo mahorat maktabi va boshqa inshootlarda toblanib, xalqaro va jahon musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, joriy yilda Bibihilola Shoimova murabbiyligida sportning gandbol turi bilan shug‘ullangan Hasan Shoimov mamlakat terma jamoasi a’zosi sifatida Osiyo chempioni va Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi. Mohir trener Olim Soipovdan kurash sirlarini o‘rganayotgan Akobir Zoirov Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Denovlik o‘zbek jang san’ati jamoasi Osiyo chempionati va Jahon kubogida bir nechta oltin, kumush va bronza medal bilan taqdirlandi. Sportning ashixara-karate turi bo‘yicha Otabek Nazarov trenerligida mashg‘ulotlarni o‘tayotgan Vodiy mahallasining 8 nafar yosh sportchisi Osiyo chempionati va Jahon kubogida g‘alaba qozondi. Qilichboz Samandar Solinazarov va Elshod Shermuratov Xalqaro turnirda ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi. Sportning para pauerlifting turida Husniddin va Mohinur Fozilovalar xalqaro musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egalladi.

Uchrashuv yakunida tuman rahbari Jahon va xalqaro bellashuvlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar hamda ularning murabbiylariga chuqur minnatdorlik bildirib, 2028 yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga muvaffaqiyat tiladi. Esdalik sovg‘alarini topshirdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri