Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Denovda olima va faol xotin-qizlar sharaflandi
11:14 / 2024-02-13

Mamlakatimizda Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni munosabati “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzuida o‘tkazilayotgan haftalik doirasida Surxondaryo viloyatida xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Viloyatning Denov tumanida ana shu mavzuga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda olima ayollar, ta’lim, madaniyat kabi sohalarda yutuqlarga erishayotgan, yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan hamda xalqaro ko‘rik-tanlov, olimpiadalar g‘olib va sovrindori bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etdi.   

Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan tadbir tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamkorligida o‘tkazildi.  

Tadbirda Denov tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Lutfullayeva, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Rahmatulla Mamajonov hamda boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda jamiyatimiz ustuni bo‘lgan oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning faolligini oshirish va ularning ilm-fan bilan shug‘ullanishi uchun yetarli sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan imtiyoz va imkoniyatlar, ularning ilm-fan, ta’lim, madaniyat kabi sohalarda erishayotgan yutuqlari, yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ayollar, xalqaro ko‘rik-tanlov hamda olimpiadalarda g‘olib va sovrindor bo‘layotgan iqtidorli qizlarning izlanishlari haqida fikr almashildi.

Ayni paytda Denov tumanida 15 ga yaqin olima ayol yosh avlod kamoloti yo‘lida xizmat qilmoqda. Ularning 11 nafari Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabalariga o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rgatayotir.  

– Prezidentimiz tashabbusi bilan tumanimizda oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgani xotin-qizlarimizning ilm-fanga qiziqish va intilishini oshirdi, – deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, dotsent Nodira Hasanova. – Hozir institutimizda 11 nafar olima ayol mehnat qilayotgan bo‘lsa, 20 dan ortiq xotin-qiz turli fan yo‘nalishlarida izlanishlarini yakunlab, ilmiy ishlarini himoya qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Institutimizda olti nafar davlat nomdor stipendianti bo‘lgan qizlar ta’lim olayotir. Bularning barchasi mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda kasbiy faolligini yanada oshirib, ijodiy va intellektual salohiyatini keng namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlarning amaldagi samarasidir.  

Tadbirda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarib, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirib, bandlik masalalarini hal etishda faol bo‘lgan olima ayollar esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri