Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hududida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan buyuk shoir va mutafakkir sharafiga o‘rnatilgan muazzam haykalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, shoir va adiblar, talaba-yoshlar ishtirok etgan marosimda Denov tumani hokimi Anvar Normamatov, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev va boshqalar ulug‘ bobokalonimiz hayoti va ijodi xususida atroflicha so‘z yuritdi. Mamlakatimiz shaharlari va sayyoramizning ko‘plab davlatlarida Navoiy haykali qad rostlab turgani, boy merosi dunyo olimlarida hamon katta qiziqish uyg‘otayotgani va o‘qib, o‘rganilayotgani buyuk ajdodimizga ko‘rsatilayotgan cheksiz ehtirom namunasi ekanini ta’kidladi. Hozirgi globallashuv davrda ham Navoiy merosining yoshlar tarbiyasidagi beqiyos ahamiyati haqida fikr almashdi.



Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, institut jamoasi va boshqa ishtirokchilar muazzam haykal poyiga gulchambarlar qo‘yib, Mir Alisher Navoiy hazratlariga hurmat bajo keltirdi.


So‘z mulkining sultoni, tengsiz mutafakkir va adolatparvar davlat arbobini ulug‘lagan oliy ta’lim muassasasida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davra suhbatlari, talabalar tayyorlagan sahna ko‘rinishlari va g‘azalxonlik kechalari bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri