Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Denovda akademik Nazar To‘rayev uy muzeyi ochildi
13:53 / 2025-02-01

Akademik Nazar To‘rayev hayotiga chizgilar

Akademik Nazar To‘rayevni ilm ahli yaxshi biladi. Nazar akadan bir safar ilmiy faoliyatining mazmunini so‘radim.

O‘n million darajadagi issiqlikda sirtning yemirilishini qanday qilib kamaytirish muammolari ustidagi tadqiqotlarini shogirdlari hamrohligida davom ettirayotgan ekan.  

“Agar ijtimoiy taraqqiyot shunday sur’atlar bilan davom etaversa, 50-60 yildan so‘ng insoniyat yer yuzidagi va yer ostidagi yoqish mumkin bo‘lgan hamma narsani bitiradi. Ana o‘shanda insoniyatning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish va qondirish kerak bo‘ladi. Kanday kilib? 

Bu yoqda yoqish mumkin bo‘lgan o‘tin ham, ko‘mir ham, gaz ham tugaydi... O‘shanda odamlarda suvning tarkibidagi vodorod atomini parchalashdan boshqa iloj qolmaydi. Dunyodagi barcha dengiz, ummonlar vodorod atomini esa havoda parchalab bo‘lmaydi.

Buning ustiga uning parchalanishi uchun 10 million darajada issiqlik kerak. Biz hozir vodorod parchalanayotgan, to‘g‘rirog‘i, portlayotgan makon devorining yemirilishi darajasini kamaytirish muammolarini tadqiq qilayapmiz”, degan edi Nazar aka o‘shanda.  

Nazar aka bayon etgan manzaralarning tafsilotlarini ko‘z oldimizga keltirib hayratga tushgan edim.

O‘zbekistonda ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimlardan biri Nazar To‘rayev hisoblanadi. Uning fizika sohasidagi tadqiqotlari, ilmiy rahbarligi va ijtimoiy faoliyati mamlakatimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi.  

Nazar To‘rayev 1938 yil 19 mayda Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan. U yoshligidan ilm-fanga qiziqishi va izlanishi bilan ajralib turgan. Maktabni muvaffaqiyatli tamomlagach, 1961 yilda Samarqand davlat universitetining fizika fakultetini bitirdi.  

Bu davr To‘rayevning ilmiy faoliyatidagi birinchi qadamlari uchun asos bo‘ldi.

Universitetni tugatgach, To‘rayev O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida ish boshladi. U 1961—1967-yillarda institutda faoliyat yuritar ekan, atom zarralarining qattiq jismlar sirtida sochilishi nazariyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi.  

Ushbu davrda u o‘zining ilmiy izlanishlarini chuqurlashtirib, fizika sohasidagi yangi yondashuvlarni ishlab chiqdi. 1968 yilda Elektronika institutida ishlay boshladi va u yerda 1977 yilgacha faoliyat yuritdi. Shu davrda u o‘zining ilmiy salohiyatini oshirib, yadro fizikasi va elektronika sohalarida yirik natijalarga erishdi.

Nazar To‘rayev 1980 yilda fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va 1982 yilda professor unvoniga sazovor bo‘ldi.  

1988 yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" unvoni bilan taqdirlandi. 2000 yilda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. Bu uning ilmiy faoliyatini yuqori baholashning yana bir tasdig‘i edi.

1983 yilda Nazar To‘rayev Termiz davlat universitetiga rektor etib tayinlandi. U 17 yil davomida ushbu universitetni boshqarib, uni respublikadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylantirdi. Rektorlik faoliyati davomida universitetda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirildi.  

Shuningdek, To‘rayevning tashabbusi bilan universitetda qishloq xo‘jaligi ekinlarini lazer nurlari bilan nurlantirish bo‘yicha innovatsion ilmiy laboratoriyalar tashkil etildi. Ushbu laboratoriyalar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga katta hissa qo‘shdi.

Nazar To‘rayev o‘z ilmiy faoliyatida asosan atom zarralarining qattiq jismlar yuzasida sochilishi, ionlarning birlamchi va ikkilamchi sochilishi masalalariga e’tibor qaratdi. U nazariy fizika masalalarini kompyuter algoritmlari yordamida yechish bo‘yicha O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib innovatsion yondashuvlarni amalga oshirdi.  

Bu yondashuv nafaqat fizika sohasidagi ilmiy kashfiyotlarga, balki texnologiya rivojiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Nazar To‘rayev dunyo miqyosidagi bir qancha xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etib, O‘zbekiston ilm-fanini xalqaro maydonga olib chiqishda muhim rol o‘ynadi.

Nazar To‘rayev nafaqat ilmiy faoliyat, balki ijtimoiy va siyosiy hayotda ham faol ishtirok etdi.

U 1990—1995-yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati sifatida xizmat qilib, ta’lim va ilm-fan sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shdi. Deputat sifatida olimlarning ilmiy izlanishlariga sharoit yaratish, ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

1998 yilda Nazar To‘rayev "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlandi. Bu mukofot uning mamlakat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi yana bir bor e’tirof etilishidir. Nazar To‘rayevning butun hayoti ilm-fan va ta’lim sohasiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning xizmatlari nafaqat o‘zbek xalqining, balki xalqaro ilmiy hamjamiyatning ham e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Nazar To‘rayev 2023 yil 3 oktyabrda 85 yoshida vafot etdi. Nazar To‘rayevning nomi bugungi kunda O‘zbekiston ilm-fani va ta’lim tizimida katta hurmat bilan tilga olinadi.

Nazar To‘rayev xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodni uning ilmiy tadqiqodlari va hayoti yo‘lidan xabardor etish maqsadida Denov tumani hokimi Nazar To‘rayevning uy muzeyini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Nazar To‘rayevning hayoti va faoliyati o‘zbek ilm-fani tarixida oltin harflar bilan yozilgan. Uning fizika sohasidagi tadqiqotlari, ilmiy rahbarligi va pedagogik faoliyati ko‘plab yosh olimlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. U nafaqat o‘zining ilmiy ishlari, balki jamiyat uchun qilgan xizmatlari bilan ham e’zozga sazovor.

Toshtemir Turdiyev,

Denov tuman Ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi rahbari, 

O‘zbekistonda xizmat  ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

O‘zA