Kuz ne’matlari
Kitob tumanidagi Denovbola qishlog‘i dengiz sathidan qariyb uch ming metr balandlikda, tog‘ bag‘rida joylashgan so‘lim tabiatli, shirinsuv buloq va chashmalarga boy manzillardan biri.
Mamlakatimizda aholi yashaydigan manzillarni yanada obod qilish borasidagi ezgu islohotlar tog‘li qishloqlargacha yetib borgan. Denovbola qishlog‘iga borar ekanmiz, tog‘ yo‘lining tekis va ravon asfaltlanganiga guvoh bo‘ldik. Qiynalmay manzilga yetib bordik.
Qishloqda yashovchi aholi asosan tojik millatiga mansub bo‘lib, nomi ham tojikchadan olingan “dehnavbolo”, ya’ni o‘zbek tilida “katta yangi qishloq” degan ma’noni anglatar ekan.
Qishloqning tabiati salqin va bahavo bo‘lgani uchun olma daraxtlari bu yerda baravj o‘sadi. Hosili juda sersuv va sifatli bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan denovbolalik bog‘bonlar gektarlab maydonlarda “kripson”, “golden”, “saltanat” kabi olma navlarini yetishtirmoqda.
Shu qishloqlik Shomurod bobo Alimurodov ham umrining katta qismini bog‘bonlikka bag‘ishlagan. Shuning ortidan barcha orzu- havaslariga erishmoqda. U hududdagi o‘rmon xo‘jaligi bilan shartnoma asosida bir gektar maydonda olma yetishtirmoqda. Ayni kunlarda bog‘bonning bog‘ida ishlar qizg‘in. Butun qishloq xaridorlarga to‘lgan. Shomurod boboning bog‘iga ham xaridorlar kelgan. Terilgan olmalar, saralanib qutilarga joylanayotgan ekan.
–Hormanglar, –deya barakali bog‘ni aylanib bog‘bon bilan suhbatlashamiz.
– Bog‘imizga 500 tupdan ziyod “kripson”, “golden” kabi olma navlaridan ekkanmiz, – deydi Sh.Alimurodov. – Ko‘chatlarimiz 7 yoshdan oshdi. Bu yil ob-havo har yilgidan ham yaxshi keldi. Shu bois hosil cho‘g‘i yomon emas. Har bir daraxtdan 10-15 kilogramm olma olamiz. Xaridorlarning o‘zi bog‘imizdan kelib olib ketadi.
[gallery-19770]
Shoxlarga osilib turgan, g‘arq pishgan olmalar ko‘zni quvnatadi. Ona tabiatning beminnat ne’matiga shukrona keltirasiz. Olovdek qip-qizil olmalardan birini olib tishlasangiz, sersuvligidan suvi yuzga sachraydi.
–Bu olmazorlarda yetilib pishgan olmalarning sersuv va sifatli bo‘lishida hududning salqin tabiati va shirinbuloq suvlarining ahamiyati katta, –deydi bog‘bonlar.
– Qishlog‘imizning ob-havosi juda ajoyib, shu bois olmasi shirin va hidi xushbo‘y bo‘ladi, – deydi bog‘bon. – Buloqdan nasos yordamida tortib kelingan quvurdan oqqan suv bilan sug‘oramiz. Qishimiz juda sovuq. Ba’zi maydonlarga ikki metrgacha qor tushadi. Shuning uchun parazitlar kam bo‘ladi. Olmaga qurt tushmaydi. Ekologik jihatdan toza va xaridorgir.
Oktyabr oyining dastlabki o‘n kuni denovbolalik bog‘bonlar uchun ayni qizg‘in terim pallasi. Chunki yog‘ingarchilik mavsumi oktyabrning o‘nidan keyin boshlanadi, shungacha barcha hosilni yig‘ishtirib olish kerak.
Denovbolalik bog‘bonlar o‘tgan yillar davomida nafaqat sifatli mahsulot yetishtirish, balki yangi-yangi navlarni sinovdan o‘tkazish borasida ham bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, shu qishloqlik Yusuf Alimurodov Turkiyadan keltirilgan 120 tup yangi turdagi “jerimi” navli olma navini ekib, joriy yilda dastlabki hosilni olayotir. Hududning salqin va sovuq hisoblangan eng yuqori qismiga ekilgan ushbu olma ko‘chatlari joriy yilda kutilgan hosilni bera boshladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yuJ9RVMRmYQ" title="Denovbolaning sersuv olmalari haqida eshitganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Buni eksperiment sifatida ekkandik, – deydi Yu.Alimurodov. – Yana bitta bog‘da 100 tup ekkanmiz. Yuqori hududda ekilgani bilan gullashi 15 kun farq qiladi. Bu yerdagi olmalardan farqi shundaki, rangi to‘q qizil va uy sharoitida uzoq muddat sifati buzilmay turadi. Mana bu yildan nishona hosilni bera boshladi va hosil biz kutgandan ham a’lo bo‘ldi. Kelgusida bu navni yanada ommalashtirishni maqsad qilganmiz.
Denovbola qishlog‘ida bugungi kunda 250 ta xo‘jalik istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning har birida kamida 50 sotixdan olmazor bor. Qaysi bir xonadonga kirmang, keling mehmon, olmadan tatib keting, deyishadi. Serquyosh va saxovatpesha zaminimizda yetishtirilgan bu kabi sersuv olmalar bugungi kunda nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham o‘zining xaridorlariga ega.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA muxbirlari