Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Surxondaryo viloyatining Denov hamda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanlarida respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilish yo‘nalishida nazorat-tahlil o‘rganishi o‘tkazildi.
Tadbirda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, sohaga yangi boshqaruv tamoyillarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mas’ullarning “Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi bo‘yicha axborotlari eshitildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi va turk ekspertlaridan iborat ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 19 maydagi farmoniga muvofiq, 15 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etilgan. Ularga 490 ta oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor punktlari hamda mahalla tibbiyot punktlari biriktirilgan holda 350 ta yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalar va ularning filiallari shakllantirilgan.
Mazkur poliklinikalar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma asosida faoliyat yuritib, aholi jon boshiga ko‘ra moliyalashtirilmoqda. Bu esa tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish hamda resurslarni maqsadli yo‘naltirishga xizmat qilmoqda.
Deputatlar aholining yoshi, jinsi va fiziologik holatidan kelib chiqib o‘tkaziladigan profilaktik ko‘riklar va skrining dasturlar ijrosi bilan ham qiziqdi. Shuningdek, sohaga oid amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, tibbiyot tizimini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA