Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Denov tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi
15:37 / 2023-07-26

MASOFAVIY NAZORAT

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlil natijalariga asosan Surxondaryo viloyati Denov tumani maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida qisqa muddatli nazorat tadbiri o‘tkazildi.   

Tahlillarga ko‘ra, tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrimlarida qariyb 3 mlrd. so‘mga yaqin byudjet mablag‘lari noqonuniy sarflangani bo‘yicha shubhali to‘lovlar aniqlandi. Shu asosda ishchi xodimlarga 2020-2023 yillarda hisoblangan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning hisoblanishi va to‘lanishi joylarga chiqqan holda tekshirildi. Natijada jami 11,3 mlrd. so‘mlik byudjet mablag‘lari maktabgacha ta’lim bo‘limi markazlashgan buxgalteriyasining ayrim mas’ul xodimlari tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlandi. Jumladan, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2022-2023 yillarda ishlamagan 141 nafar fuqaro nomiga 4,8 mlrd. so‘m ish haqi hisoblanib, noqonuniy o‘zlashtirilgan. Masalan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ul xodimlari haqiqatda ishlamaydigan yaqin qarindoshining nomiga 136,4 mln. so‘m hamda maktabgacha ta’lim bo‘limida uslubchi, hisobchi va santexnik lavozimlarida ishlab kelayotgan 9 nafar shaxs nomiga 279,4 mln. so‘m ish haqini qo‘shib yozib, soxta to‘lov qaydnomalarini tuzish orqali o‘zlashtirgan.  

2020-2021 yillarda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan xodimlar uchun hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullar olinib, soxta to‘lov qaydnomalari orqali 1,6 mlrd. so‘m hamda hech qanday to‘lov qaydnomalarisiz 3,1 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Bundan tashqari, byudjet tashkilotining xarajatlar smetasida xodimlarning ish haqi to‘lovlari uchun rejalashtirilgan 529,1 mln. so‘m mablag‘ ularning roziligisiz, ish haqlari hisobidan ushlanmagan holda, gazeta va jurnallar obunasi uchun o‘tkazib yuborilgan. Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish hamda moliyaviy xato-kamchiliklarga kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi va Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga ko‘rsatma yuborildi. Shuningdek, o‘rganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi. Qayd etish joizki, hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pul olish holatlari Hisob palatasining ko‘rsatmasiga asosan, 2022 yilda “UzASBO” dasturiy majmuasiga o‘zgartirish kiritish orqali bartaraf etilgan. Biroq, ayrim mas’ul shaxslar tomonidan byudjet mablag‘larini noqonuniy sarflash va o‘zlashtirish holatlari yangi shakl-shamoyillarda amalga oshirilmoqda. Hisob palatasi bundan keyin ham byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan masofaviy va joylarga chiqqan holda nazorat ishlarini davom ettiradi.  

 

O‘zA