Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Surxondaryo viloyatidagi Denov tumani hokimi I.Abrorov, birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun vazifasidan ozod etildi.
Erishilayotgan yutuqlar, yaratilayotgan tajribalar qayd etilib, hududlardagi mavjud kamchiliklar ko‘rsatilgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyatidagi Uzun va Denov tumanlaridagi holat tahlil qilindi. Uzun tumani namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etilib, 51 ta mahalla mavjud tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard so‘m mablag‘ berilgani ta’kidlandi. Yilning o‘tgan davrida tumanga 70 million dollar xorijiy investitsiya olib kelinib, 47 ta korxona ishga tushirilgani, 300 ta servis ob’ektida ming kishi ish bilan ta’minlangani, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgani, ikki mingdan ziyod mikro loyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli bo‘lgani, bu ishlar hisobiga tumanda yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaytirilgani aytildi.
Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1 ming 200 oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagani tanqid qilindi.
Uzun tumanida 165 mingdan ortiq, Denov tumanidagi 98 mahallada 500 mingga yaqin aholi yashaydi. Viloyatdagi eng yirik tuman –Denovda hududlardagi mavjud muammolarning yechimini topish, odamlar o‘rtaga tashlayotgan muhim masalalarni hal etish, dasturlar doirasida ajratilayotgan mablag‘lardan oqilona foydalanib, aholining turmush darajasini oshirish, mamlakatimizda joriy etilayotgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash kabi masalalar birinchi rahbardan tashabbuskorlik, qatiyatlik va jiddiy mas’uliyat talab etadi. Vaholanki, yurtimizda kambag‘allikni qisqartirib, odamlarning farovon yashashini ta’minlash umummilliy harakatga aylangan paytda bu ishga e’tiborsizlik bilan qarash, aholi, ayniqsa, kambag‘al oilalar bandligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yish tumandagi islohotlar o‘z holiga tashlab qo‘yilganini ko‘rsatadi. Hokim va birinchi o‘rinbosar “arava”ni to‘g‘ri tortolmaganidan darak beradi.
Mavridi kelganda janubdagi vohada kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilinsa, joylarda bu yo‘nalishda sezilarli o‘zgarish va yangilanishlar yuz berayotgani oydinlashadi. Masalan, joriy yilning to‘qqiz oyida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida viloyatda 23 ming 300 oila kambag‘allikdan chiqarildi. Yoki vohaning kambag‘allik darajasi yil boshidagi 9,3 foizdan 5,5 foizga qisqardi. Boshqa tumanlarga nisbatan kattaroq imkoniyatga ega Denovda kambag‘allik reyestriga kirgan ayrim oilalar daromadida nega o‘zgarish sezilmadi, turmush darajasi o‘nglanmadi? Maboda siz Denovga nisbatan aholisi kam tumanlarda kambag‘allikni kamaytirish yengilroq kechmoqda, degan gumonda bo‘lsangiz, adashasiz. Bu ish hech bir tuman yoki mahallada osonlikcha yechim topayotgani yo‘q. Tashkilotchilik va tashabbus bilan mahallalardagi hokim yordamchilari, bank xodimlari va hududga biriktirilgan boshqa mutasaddilar ”drayver” yo‘nalishlarni aniqlab, ishni to‘g‘ri tashkil etayotgani uchun viloyatda kambag‘al oilalar kamaymoqda. Joylarda joriy etilayotgan Sayxunobod, Zarbdor, G‘ijduvon, Uychi, Qamashi tajribalari samara bermoqda. Jumladan, boshqa tumanlarda “Sayxunobod tajribasi” asosida tomorqalarda serdaromad oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishga yordam ko‘rsatilib, parrandachilik, asalarichilik yo‘lga qo‘yilmoqda. Chorva mollari boqish istagini bildirayotgan kambag‘al oilalar qo‘llab-quvvatlanayapti. Individual rejalar asosida xizmatlar ko‘rsatilayotir. Sodda qilib aytganda, kambag‘al oilalarning daromad manbai yaratib berilmoqda. Mahallalarda kichik sanoat, servis va xizmatlar ko‘rsatish rivojlantirilmoqda.
Denovda-chi? Bu ishlar oilalarning kambag‘allik darajasini kamaytirish uchun emas, shunchaki nomigagina amalga oshirilgandek, tuman hokimi va bu yo‘nalishga mas’ul birinchi o‘rinbosarining jiddiy so‘rovi bo‘lmagandek tuyuladi. Yo‘qsa, Denovdek yeri unumdor, iqtisodiy salohiyati yuqori tumanda 1 ming 200 oilaning ham daromadida o‘zgarish sezilishi, hayot darajasi o‘sishi lozim edi.
Shu o‘rinda Denovga nisbatan iqtisodiy imkoniyatlari past Uzun tumanidagi shu ishlarga nazar solsak, bu hududda kambag‘al oilalarning turmush darajasini o‘zgartirish uchun bor imkoniyatlardan oqilona foydalanilayotgani, servis va xizmat ko‘rsatish, yerdan unumli foydalanish kambag‘al oilalar byudjetiga daromad keltirayotgani, mahalla va qishloqlar obod bo‘layotgani ko‘zga tashlanadi. Tumanda Yangiro‘zg‘or, degan mahalla bor. Aholisi faqat mo‘’jazgina tomorqasida emas, balki mahalla ko‘chalarida ham voyish usulida uzum yetishtirib, yaxshi daromad topadi. Har qarich yerdan samarali foydalanib, ko‘chalarni ham daromad manbaiga aylantirgan hudud tajribasi bu yil tumandagi tanlab olingan to‘qqizta mahallada joriy etildi. Bu jarayonda 27 ta kambag‘al oila xonadonida subsidiya asosida, 262 ta xonadonda kredit, 85 tasining o‘z mablag‘i hisobidan ularning ko‘cha va tomorqasida voyish usulida serhosil, bozorda xaridorgir uzum parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun to‘qqizta mahallaning tanlab olingan ko‘chalarida 4 kilometrdan ortiq uzum voyishi barpo etilib, mahallalarda har bir oilaning yiliga 18-20 million so‘m qo‘shimcha daromad olishiga yetarli sharoit paydo bo‘ldi. Shuningdek, uzum voyishlari ko‘chalar qiyofasini o‘zgartirib, mahallalarga yangicha ko‘rk bag‘ishladi.
Denovda ham bog‘dorchilik, uzumchilik yaxshi rivojlangan. Uzumi boldek shirin bo‘ladi. Voyish usulida hosil yetishtirib, mo‘l daromad olayotgan fermerlar bor. Hech qursa, uzum parvarishlashning hadisini olgan mahallalarda ko‘chalar tanlab olinib, shu tajriba qo‘llanilsa ham kambag‘al oilalarning qo‘shimcha daromad topishiga qulay imkoniyat yaratilgan bo‘lmasmidi?
Ha, aytgancha, joriy yilda tuman mahallalarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishdek katta mo‘ljal olingan, rejalar tuzilgan edi. Afsuski, ishlar sarhisobi bu rejaning odamlari tanti, bir so‘zli, uddaburon denovliklarga xos bo‘lmagan balandparvoz gap ekanini ko‘rsatdi...
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA