Surxondaryo markazi Termiz shahrida 2-liga g‘oliblari o‘rtasida Birinchi ligaga O‘tish turniri nihoyasiga yetdi. Turnirning final ishtirokchilari hamda uchinchi o‘rin egasi 2022 yilgi mavsum Birinchi ligasiga yo‘llanma olishini inobatga olsak uchala omadli jamoaning nomi ma’lum bo‘lib ulgurdi.
Yarim finalning birinchi uchrashuvida Surxondaryo viloyatining ikki vakili – «Qumqo‘rg‘on» va «Denov» jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi va denovliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, Birinchi liganing dastlabki ishtirokchisiga aylanishdi. Ikkinchi uchrashuv ikki «Do‘stlik» jamoasi o‘rtasida kechdi. Aslida birinchi bo‘lib toshkentliklar hisobni ochishgandi. Ikkinchi bo‘limning yarmida oltiariqliklar hisobni tenglashtirishdi. Yakunda esa Oltiariqning «Do‘stlik» jamoasi 3:2 hisobida yutuqqa erishib, Birinchi liganing ikkinchi vakili bo‘ldi.
Birinchi ligaga uchinchi yo‘llanma «Qumqo‘rg‘on» va Toshkentning «Do‘stlik» jamoalari o‘rtasidagi bahsda ma’lum bo‘lishi lozim edi. Teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida qumqo‘rg‘onliklar poytaxtlik raqiblari darvozasini ishg‘ol etishning uddasidan chiqishdi va Birinchi liganing uchinchi jamoasi degan nomga musharraf bo‘lishdi.
Shu tariqa 2022 yilgi mavsum Birinchi ligasida «Denov», «Do‘stlik» (Oltiariq) va «Qumg‘o‘rg‘on» jamoalari faoliyat yuritadi. Musobaqaning hal qiluvchi final o‘yinida oltiariqliklar denovliklarni yirik (8:3) hisobda mag‘lub etib, O‘tish turniri g‘olibligini qo‘lga kiritishdi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA