Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deniel GUSTAFSON: Samarqand anjumani mintaqa va jahon miqyosidagi sa’y-harakatlar mahsuli
00:15 / 2024-02-14

Markaziy Osiyo mamlakatlari yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolish uchun birlashmoqda.

Shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash” bo‘yicha Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi (CMSCOP14) yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha BMTning Markaziy Osiyoda o‘tayotgan ilk tadbiridir.

Tarixiy Samarqand shahri 130 mamlakatdan kelgan 1500 dan ziyod ishtirokchini bir joyga yig‘di. “Tabiat chegara bilmaydi: ko‘chib yuruvchi turlar va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” mavzusida o‘tkazilgan yuqori darajadagi anjumanda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktorining maxsus vakili Deniel Gustafson nutq so‘zladi.

U “Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha transchegaraviy va xalqaro hamkorlikda boshqa mintaqalar va ko‘p tomonlama tashkilotlar tajribasi” sessiyasida ma’ruza qilib, yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash va tiklashga to‘sqinlik qiladigan muammolar xususida fikr bildirdi:

– Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ko‘chib yuruvchi hayvonlarni saqlash yo‘lidagi hamkorlik boy va xilma-xil, bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish zarur.

Mintaqa yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash va tiklashga to‘sqinlik qiladigan iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi muammolarni yengish uchun birgalikda ishlash, oldinga siljish imkonini beradigan innovatsiya yetakchisidir. Bu muammolarni faqat birgalikda hal qilish mumkin.

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan anjuman mintaqa va jahon miqyosida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning yorqin namunasi bo‘ldi. FAOning ko‘chib yuruvchi hayvon turlarini saqlash bo‘yicha ishlari dengiz baliqchiligi bilan bog‘liq. Markaziy Osiyoda bu borada sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, hali ko‘p ish qilinishi lozim.

Yana bir muhim yo‘nalish – yovvoyi tabiat va odamlarning o‘zaro ta’siri. Biz Hindistonda Global ekologik jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilayotgan yovvoyi yo‘lbarslar bilan qiziqarli loyiha amalga oshiryapmiz. Bundan tashqari Afrikada yovvoyi fillar populyatsiyasini saqlab qolish uchun ancha vaqt ishladik. Shuni unutmaslik kerak, atrof-muhit va inson salomatligi o‘zaro uzviy bog‘liqdir.

Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.

O‘zA